O‘zA O`zbek

16.04.2019 09:53 Chop etish versiyasi

Ayollar futboli: 1-tur nihoyasiga yetdi, “Sevinch” peshqadam

Ayollar futboli: 1-tur nihoyasiga yetdi, “Sevinch” peshqadam

Kecha ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 1-tur o‘yinlari yakunlandi.

Xabaringiz bor, 25-bor o‘tkazilayotgan ayollar o‘rtasidagi mamlakat chempionatiga 10 aprel kuni start berilgan, Superkubok uchrashuvi tufayli ikkita o‘yin muddati 15 aprelga belgilangandi. 

Kecha mazkur uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Poytaxtda “Bunyodkor” jamoasi Bekobodning “Metallurg” klubi qizlarini qabul qildi. 

Toshkentliklarning beshta goliga mehmonlar ikkita to‘p bilan javob qaytardi xolos. 

“Qaldirg‘ochlar”ning beshta to‘pidan uchtasi jamoa hujumchisi Lyudmila Karachik hisobiga yozildi.

photo5305710041942305422.jpg

Termizda esa “Surxon” qizlari mamlakatning ko‘pkarra chempioni Qarshining “Sevinch” jamoasini qabul qildi. Mazkur o‘yinda mehmonlar foydasiga yirik hisob qayd etilishi kutilayotgandi. 

Sababi, “Sevinch”ga ortiqcha ta’rifning hojati yo‘q, “Surxon” esa viloyat bosh jamoasining Superligaga yo‘llanma olishi barobarida yangi tashkil etilgan, tabiiyki, futbolchi qizlarida hali tajriba ham, mahorat ham yetishmas edi.

Shunga qaramay mezbonlar maydonda borini berib to‘p tepishdi. Qarshiliklar tomonidan kiritilgan beshta to‘pning ikkitasiga esa Malika Burxonova mualliflik qildi.

Shu tariqa 1-tur yakuniga ko‘ra yettita uchrashuvning ikkitasida durang qayd etildi, ikkitasida mezbonlar g‘alaba qozongan bo‘lsa, uchta o‘yinda mehmonlarning qo‘li baland keldi. To‘plar nisbatiga ko‘ra “Sevinch” jamoasi karvonboshi bo‘lib turibdi. 2-o‘rinda “Bunyodkor”, 3-pog‘onada esa “Sho‘rtan” jamoalari bormoqda.

Oybek Yunusov, O‘zA
442