O‘zA O`zbek

19.08.2018 09:40 Chop etish versiyasi

Assalom, XVIII Osiyo o‘yinlari

Assalom, XVIII Osiyo o‘yinlari

Indoneziya poytaxti Jakarta hamda Sumatra orolidagi yirik shaharlardan biri Palembang mezbonlik qiladigan XVIII Osiyo o‘yinlariga qiziqish bu safar har qachongidan kuchli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, bu safargi bellashuvlar 2020 yili Yaponiyaning Tokio shahrida tashkil etiladigan navbatdagi Olimpiya o‘yinlari oldidan qit’amiz sportchilari uchun o‘ziga xos ko‘rik vazifasini o‘tab beradi.

43690_680.jpg

Qolaversa, kunchiqar yurt mezbonlik qiladigan musobaqada Osiyo qit’asi vakillari munosib ishtirok etishga harakat qilishadi, zero sportda “o‘z uyingda devorlar ham suyaydi”, degan ibora bor. Yaponiya esa Osiyo vakili va bu qaysidir ma’noda qit’amiz davlatlariga ustunlik beradi.

43713_680.jpg

Aslida XVIII Osiyo o‘yinlari Vyetnamning Xanoy shahrida o‘tkazilishi kerak edi. Biroq, Vyetnam hukumati moliyaviy qiyinchiliklar sabab musobaqani qabul qilolmasligini bildirgach, Osiyo Olimpiya kengashi bellashuvlarga mezbon sifatida Indoneziyani tanladi. O‘z navbatida, Indoneziya hukumati tashkiliy jihatlarni yuksak darajaga olib chiqqan holda Osiyo Olimpiya kengashi Xanoy o‘rniga nomzod tanlashda adashmaganligini isbotlashga bel bog‘lagan.

Bu safargi o‘yinlarda 45 mamlakatdan jami 9 704 nafar atlet 42 ta sport turi bo‘yicha 476 ta medallar shodasi uchun bahslarga kirishadi. Quvonarlisi, milliy sportimiz kurash ham ushbu musobaqa dasturiga kiritilgan. Demak, Osiyo qit’asi atletlari kurash gilamlarida o‘zaro bellashadi.

Sport inshootlari

XVIII Osiyo o‘yinlari uchun bir qator sport inshootlari qurildi, kapital ta’mirdan chiqarildi va musobaqaga tayyorlandi. Musobaqalar bo‘ladigan asosiy sport inshootlari esa mamlakat poytaxti Jakarta shahrida joylashgan. Bundan tashqari Palembang shahrida ham qator sport inshootlari joylashgan. Shu bilan birga Shimoliy Yava hamda Bantene orollaridagi 15ta arena hamda mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan sport inshootlari bu hududlarni ham Osiyo o‘yinlari bilan qamrab olish imkonini beradi.

Asosiy musobaqalar bo‘lib o‘tadigan Gelora Bung Karno stadioni Jakartada joylashgan. Qayta ta’mirlashdan so‘ng uning sig‘imi 76 127 o‘rindiqni tashkil etmoqda. Xolbuki, ilgari bu mahobatli stadion jami 88 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dirardi. Ushbu majmuada 13ta sport turidan musobaqalar o‘tkaziladi. Jakartaning sharqiy qismi, ya’ni Ravamangun mavzesida esa qiymati 40 million AQSH dollarini tashkil etgan velodrom barpo qilindi. Bu yerda velopoygadan tashqari badminton, futzal, basketbol i kurash musobaqalarini o‘tkazish mumkin. Qolaversa, Jakartada muhtasham ot sporti majmuasi ham barpo etildi. Umumiy maydoni 35 gektarni tashkil etgan ushbu majmuadan 1 000 nafar tomoshabin uchun mo‘ljallangan tribuna, 100 ta otxona, sportchilar uchun mehmonxona, yilqilarga mo‘ljallangan shifoxona, mashg‘ulot o‘tkazish hamda otlarni saqlash joylari o‘rin olgan.

Chiptalar narxi

Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi raisi, indoneziyalik taniqli biznesmen Erik Toxirning aytishicha, tashkilotchilar chiptalarni sotish borasida mashhur KiosTix kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Musobaqalar uchun jami 1,3 million chiptalar sotuvga chiqarilgan. Eng arzon chiptaning narxi 30 000 Indoneziya rupiysi qiymatida bo‘lib, bu taxminan 2 AQSH dollariga tengdir. O‘rtacha chipta narxi esa 100 000 rupiy, ya’ni 7 AQSH dollarini tashkil etadi. Ayni paytda chiptalar supermarketlar, magazinlar, banklarda onlayn tizimda sotilmoqda. Chiptalar sotuvi 30 iyundan boshlangan.

Xavfsizlik masalasi

XVIII Osiyo o‘yinlari vaqtida taxminan 36 000 nafar xavfsizlik xizmati xodimlari faoliyat olib borishadi. Bundan xulosa qilish mumkinki, tomoshabin va sportchilar o‘z xavfsizligi borasida tashvishlanmasa ham bo‘ladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi

Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sport delegatsiyasi tarkibidan jami 331 nafar sportchi o‘rin olgan bo‘lib, ular 32 ta sport turida O‘zbekiston sharafini himoya qilishadi. Hamyurtlarimiz so‘nggi vaqtlarda boks, erkin va yunon-rum kurashi, sambo, og‘ir atletika, qilichbozlik, tennis, karate, taekvando VTF kabi o‘nlab turlarda qit’ada yetakchilik qilishayotganligini inobatga olsak, bu safargi bellashuvlarda natijalarimiz har qachongidan yaxshi bo‘lishiga umid bor. Bu yo‘lda vakillarimizga omad tilaymiz.

Otabek Eshmamatov

O'zA
2 827