O‘zA O`zbek

14.08.2018 12:22 Chop etish versiyasi

“ArMI – 2018”: O‘zbekistonlik qo‘shin razvedkachilari uchinchi o‘rinni egalladi

“ArMI – 2018”: O‘zbekistonlik qo‘shin razvedkachilari uchinchi o‘rinni egalladi

Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurti dala o‘quv maydoni bazasida “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston, O‘zbekiston, Xitoy, Zimbabve va Sudan davlatlarining qo‘shin razvedkachilari jamoalari o‘zaro bellashdi. Filippin va Hindiston vakillari esa kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.

Tanlov beshta – “Desant bo‘lib tushish va marsh-brosokni amalga oshirish”, “Mexanik-haydovchilar musobaqasi”, “Razvedkachi so‘qmog‘i”ning kompleks to‘siqlarini yengib o‘tish”, “O‘q otish” va “Razvedka bo‘linmasining vazifani bajargandan so‘ng yig‘in punktiga chiqishi” bosqichlarida o‘tkazildi.

Birinchi o‘rin rossiyalik razvedkachilarga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni xitoy vakillari egalladi, o‘zbekistonlik qo‘shin razvedkachilari uchinchi o‘ringa loyiq, deb topildi.

– Musobaqaning barcha bosqichlarida yaxshi natijalarga erishgan holda jamoamiz musobaqa sovrindorlari safidan o‘rin olish uchun astoydil kurash olib bordi va ko‘zlagan maqsadlariga erishdi. Ushbu ko‘rsatkichlarga harbiy xizmatchilarning professionalligi, bilim va ko‘nikmalarining yuksak darajada ekanligi, jamoadagi o‘zaro hamjihatlik va jipslik, g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoq tufayli erishildi, – deydi o‘zbekistonlik razvedkachilar jamoasi rahbari polkovnik Shuhrat Ikramov.

Tashkilotchilar tomonidan g‘olib jamoalarga tegishli diplom, medal, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Musobaqa ishtirokchilari Mudofaa vazirligining bir guruh vakillari ishtirokida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

M.Toshqorayeva,O‘zA
2 809