Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 8-oktabrdagi farmoyishiga muvofiq Osiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
2014-yilning 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz 9 oltin, 14 kumush va 21 bronza medalni, jamoaviy bahslar hisobga olinganda jami 12 oltin, 14 kumush va 35 bronza medalni qo‘lga kiritib, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi shon-shuhratini yanada yuksaltirishga, xalqimizning qudrati va salohiyatini namoyon etishga munosib hissa qo‘shdi.Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 8-oktabrdagi farmoyishiga muvofiq Osiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida XVII Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan marosimda mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.
Davlatimiz rahbari rahnamoligida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning erkin va ozod, tinch-osoyishta, farovon va baxtli hayot kechirishi, o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuq va marralarimiz xalqimizning g‘urur-iftixorini yuksaltirmoqda.
Mamlakatimizda navqiron avlodni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, aholi, ayniqsa, bolalar va xotin-qizlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qila olishga qodir sportchilarni tarbiyalashga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir.
Bugun yurtimizning barcha hududida barpo etilgan zamonaviy sport majmualari, suv sporti saroylari minglab o‘g‘il-qizlarning sevimli maskaniga aylangan. Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ta’lim sohasidagi uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada musobaqalari sportsevar yoshlarimizning orzularini ro‘yobga chiqaradigan, pirovardida hayot yo‘lini belgilab beradigan chinakam hayot maktabiga aylandi.
Mamlakatimizda ko‘plab sport turlari bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli xalqaro turnirlarning yuqori saviyada tashkil etilayotgani va sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani tufayli dunyo hamjamiyati O‘zbekistonda sport keng rivojlanganini e’tirof etmoqda.
XVII Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga dastlabki oltin medalni erkin kurash ustasi Bekzod Abdurahmonov taqdim etdi. Uning jamoadoshi Rashid Qurbonov va yunon-rum kurashi ustasi Rustam Assakalov ham o‘z vazn toifasida barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Vadim Menkovning natijalari qit’amizning ko‘plab sportchilari uchun orzuga aylandi. Mohir sportchimiz faoliyati davomida ketma-ket uchinchi marotaba Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Taekvondochi Jasur Boyqo‘ziyev, baydarkada eshkak eshish bo‘yicha Aleksey Mochalov ham Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi.
– Xalqaro maydonlarda tug‘ilib o‘sgan Vatani sha’nini himoya qilish har bir sportchi uchun katta sharaf, – deydi Jasur Boyqo‘ziyev. – Sportni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimiz, xalqaro maydonlarda yuksak g‘alabalarga erishishimiz uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib berayotgan, biz yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizdan behad minnatdormiz.
Incheonda erishilgan natijalar asnosida mamlakatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sport tobora ommalashib borayotgani, sportning qizlarga mos turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samara berayotgani namoyon bo‘ldi. Badiiy gimnastikachilarimiz Jamila Rahmatova, Ravilya Farxutdinova, Valeriya Davidova va Anastasiya Serdyukovadan iborat jamoamiz Osiyo o‘yinlarining jamoaviy bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgani buning dalilidir.
Engil atletikachilarimizdan Svetlana Radzivil balandlikka sakrash bahslarida eng yuqori natija ko‘rsatib, faoliyati davomida ketma-ket ikkinchi bor Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylangan bo‘lsa, yettikurash bahslarida Yekaterina Voronina tengsiz ekanini isbotladi.
– Nufuzli musobaqalarda erishayotgan natijalarimiz zamirida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan sportni, jumladan, xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor mujassam, – deydi Yekaterina Voronina. – Incheonda qo‘lga kiritgan g‘alabamni 2016-yili Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan XXXI Olimpiya o‘yinlarida ham takrorlashga bor kuch va imkoniyatimni safarbar etaman.
Osiyo o‘yinlari o‘zbek boks maktabi vakillari uchun ham omadli bo‘ldi. Boks bo‘yicha terma jamoamiz a’zolaridan Shahobiddin Zoirov va Isroil Madrimov o‘z vazn toifasida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Oybek Mamazulunov va Mirzohid Abdullayev bronza medallar bilan taqdirlandi.
Polvonlarimiz Dilshod Turdiyev va Besiki Saldadze yunon-rum kurashi bahslarida kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Ixtiyor Navro‘zov va Umid Ismanov erkin kurash bellashuvlarida uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning dzyudo bo‘yicha bahslarida ishtirok etgan Dilshod Choriyev kumush medalni qo‘lga kiritdi. Mirzohid Farmonov, Ramziddin Saidov va Abdulla Tangriyev uchinchi o‘rinni egalladi.
Sport gimnastikasi ustalari Anton Fokin, Abdulla Azimov va Oksana Chusovitina, taekvondochi Nikita Rafalovich, Dmitriy Shokin, Maksim Rafalovich, karate ustasi Barno Mirzayeva, baydarkada eshkak eshish bo‘yicha Ernest Ernazarov, yengil atletikachilarimiz Leonid Andreyev, Aleksandra Kotlyarova ham delegatsiyamiz hisobiga kumush medallar keltirdi.
Sportchilarimizdan Ivan Zaytsev, Yuliya Tarasova, Nadiya Dusanova yengil atletika bahslarida, Anastasiya Serdyukova badiiy gimnastika bo‘yicha, Ulug‘bek Alimov, Sardorbek Do‘smurodov va Mahliyo Tog‘ayeva og‘ir atletika bahslarida, Sergey Borzov, Vyacheslav Gorn, Aleksey Mochalov va Aleksandr Tropindan iborat jamoamiz baydarkada, Serik Mirbekov va Gerasim Kochnev juftligi kanoeda eshkak eshish bo‘yicha, G‘ofurjon Zohidov va Shahboz Ahatov karate bahslarida, Denis Istomin, Sanjar Fayziyev, Farrux Do‘stov va Temur Ismoilovdan iborat terma jamoamiz tennis bo‘yicha jamoaviy bellashuvlarda Osiyo o‘yinlarining bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Marosimda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mars Qo‘chqorov, sportchilar Behzod Abdurahmonov, Jamila Rahmatova, Jasur Boyqo‘ziyev, Svetlana Radzivil va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimovga mamlakatimizda sportni rivojlantirish va sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.