O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 18:14 Chop etish versiyasi

Afrika qitʼasi ilk marta Olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qiladi

Afrika qitʼasi ilk marta Olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qiladi Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi (XOQ)ning 7 sentyabrda Buenos-Ayresdagi navbatdagi sessiyasida 2022 yilda boʻlib oʻtadigan oʻsmirlar oʻrtasidagi IV Olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qiluvchi davlat nomi eʼlon qilindi.

Mezbonni aniqlash jarayonida soʻzga chiqqan XOQ vitse-prezidenti Ugur Erdener shunday dedi:

“XOQ ijroiya kengashi YOG – 2022 mezbonini aniqlash jarayonida Afrika qitʼasidan toʻrtta nomzod borligi bizni baxtiyor qildi. Ishonardikki, har bir nomzod musobaqani muvaffaqiyatli ravishda oʻtkaza olardi va koʻplab imkoniyatlarga ega edi.

Botsvana – toʻrt nomzod davlatning eng kichigi, mamlakat poytaxti Gaborone shahrida yoshlarga va sportga qaratilgan uzoq muddatli jozibador loyihani taklif etgan davlat.

Afrikaning eng koʻp aholisi boʻlgan Nigeriya poytaxti Abuja shahri juda kuchli va ixcham loyihani taklif qildi. Ushbu loyiha ham milliy sport turlari bilan, qolaversa, zamonaviy yoshlar sport turlari strategiyasiga toʻliq mos tushadi.

Tunis esa poytaxt Tunis, La Soukra, Rades hamda Yasmine-Hammamet dengiz sayyohlik kurortini oʻz ichiga olgan mustahkam loyihani taqdim qildi. Loyihaning mazmuni boʻlsa, hukumat yoshlarni sogʻlomlashtirish borasidagi gʻoyasining ayni oʻzi edi.”

Shunday boʻlsa-da, Erdener Senegalning eng kuchli loyihaga ega ekanligini bildirib oʻtdi.

Nomzodlik uchta markazga asoslangan: poytaxt – Dakar, yangi Diamnidao shahri va Saly daryosi qirgʻogʻi. Senegal loyihasi Gʻarbiy Afrika mamlakatining rivojlanish strategiyasi, xususan, milliy hukumatning “rivojlanayotgan Senegal” rejasiga toʻla mos kelmoqda. Bu esa iqtisodiyotni hamda mamlakat infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladi.

XOQ prezidenti Tomas Bax esa quyidagi fikrlarni taʼkidlab oʻtdi:

“Afrikaga navbat keldi... Afrika koʻplab mashhur sportchilarning vatani. Afrika yoshlar qitʼasi. Shu munosabat bilan biz 2022 yilgi Oʻsmirlar olimpiadasini Afrika qitʼasi mamlakati Senegalga topshirdik. Ular yoshlar va sport uchun kuchli loyihani taklif etdi. Oʻylaymanki, juda keng imkoniyatlar va oʻzaro ishonchli hamkorlik Oʻsmirlar olimpiya oʻyinlarining bir boʻlagi. Bu esa yoshlar uchun ham ilhom, ham masʼuliyat yuklaydi. Kelajakda ham Afrika davlatlari bilan birga ishlashga tayyormiz.”

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning fevral oyida XOQning Phyong Changdagi sessiyasida hamma bir ovozdan 2022 Oʻsmirlar olimpiadasini Afrika qitʼasi mamlakatiga topshirishni eʼtirof etgandi.

Albatta, ushbu qaror boshqalar nazdida ham eng foydali, deb hisoblandi.

Afrikadagi 2022 yilgi Oʻsmirlar olimpiadasi qitʼadagi birinchi olimpiada musobaqasi sifatida tarixga kiradi.

Darvoqe, bu yil Oʻsmirlar oʻrtasidagi olimpiadaga Argentina poytaxti Buenos-Ayres mezbonliq qiladi. Ushbu musobaqada mamlakatimiz sport delegatsiyasi ham ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Shohrux Noʻmonov, OʻzA