O‘zA O`zbek

08.01.2018 08:39 Chop etish versiyasi

AQShda O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tariladi

AQShda O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tariladi AQShda O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tariladi Yengilmas professional bokschimiz Shohjahon Ergashev (11 0, KO 11) navbatdagi jangini 2018 yilning 12 yanvar kuni AQShning Nyu-York shahridagi «Turning Stone Casino Resort» arenasida amerikalik Soni Fredriksonga (18 0-0, KO12) qarshi o‘tkazadi.

Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan Shohjahon Ergashev o‘zining ushbu jangga qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida O‘zA muxbiri bilan suhbatlashdi.

– Amerikalik raqibingiz haqida nima deya olasiz?

– Soni yosh bo‘lishiga qaramasdan juda tajribali bokschi. U bugunga qadar 18 jang o‘tkazib, ularning o‘n ikkitasida muddatidan avval g‘alaba qozongan. Uning o‘ng qo‘l zarbalari biroz kuchli.

– Shohjahon ushbu jangga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqdasiz?

– Janglarga Nyu-York shahrida tayyorlanaman. 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan bahsga doimgidek texnik va taktik, tezkorlikni oshiruvchi mashqlarni bajarmoqdaman. Nafaqat boksda, balki sportning barcha turlarida sportchining jismoniy holati yaxshi bo‘lishi kerak. Buning uchun esa tinimsiz mehnat, g‘alabaga bo‘lgan intilish juda muhimdir. Men bo‘lajak jangga tayyorman!

– Faoliyatingiz davomida 11 jangni nokaut bilan yutgansiz. Bu yuksak g‘alabalarini qo‘lga kiritishingizga nima dalda bo‘ladi?

– Avvalo g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqim va boya aytganimdek tinimsiz mehnat. Shuningdek, onamning va boshqa yaqinlarim, xalqimizning ishonchi va ularning duolari menga dalda bo‘ladi. Har bir jangdan oldin O‘zbekistonimiz sharafini yanada yuksaltirishni o‘z oldimga maqsad etib qo‘yaman.

– Kelgusidagi rejalaringiz?

– Eng katta maqsadim professional boksning yarim yengil vazn toifasida chempion bo‘lish. Shuningdek, barcha sportchilarimizning yuksak g‘alabalarga erishishini xohlayman.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
14 294