O‘zA O`zbek

11.01.2019 Chop etish versiyasi

2 milliard 800 million soʻmlik sport maktabi barpo etildi

2 milliard 800 million soʻmlik sport maktabi barpo etildi Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanidagi 2-bolalar va oʻsmirlar sport maktabi zamonaviy binoga ega boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan barpo etilgan binoda sport zali, kiyinish, yuvinish xonalari va maktab maʼmuriyati uchun xizmat xonalari mavjud. Inshoot qurilishiga 2 milliard 800 million soʻm mablagʻ sarflandi. Taʼkidlash joizki, maktabning birinchi bosqichdagi inshootlari 2016 yilda qurib foydalanishga topshirilgan boʻlib, buning uchun jamgʻarma tomonidan 1 milliard 800 million soʻm mablagʻ ajratilgan edi.

– Ayni paytda maktabimizda 1 ming 170 nafardan ortiq oʻgʻil-qiz sport bilan muntazam shugʻullanib kelmoqda, – deydi muassasa direktori vazifasini bajaruvchi Doʻstmuhammad Tojiyev. – Shu choqqacha mashgʻulotlar oʻquvchilar soniga qarab hududlardagi umumtaʼlim maktablarida oʻtkazilardi. Lekin qish faslida yetarli sharoit yoʻqligi sabab baʼzi sport turlari boʻyicha mashgʻulotlar deyarli toʻxtab qolardi. Bugungi kunda 25 nafar murabbiy yunon-rum kurashi, erkin kurash, milliy kurash, dzyudo, sambo, voleybol, gandbol, futbol, mini-futbol, ogʻir atletika sport turlari boʻyicha mashgʻulotlar olib bormoqda.

– Farzandlarimiz sport bilan shugʻullanib, sogʻlom va baquvvat boʻlishini istaymiz, – deydi “Bahorcha“ mahallasida yashovchi Farhod Ergashev. – Yashash joyimizga yaqin hududda zarur sharoitga ega sport zali yoʻqligi bois oʻgʻlimni qayerga olib borishni bilmasdim. Ushbu maktab ochilganini eshitib, farzandimni shu yerga olib keldim. Mana, ikki haftadan buyon milliy kurash toʻgaragi mashgʻulotlarida qatnashmoqda.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi Samarqand viloyat hududiy boʻlinmasi maʼlumotiga koʻra, ayni paytgacha maktabga 142 million 506 ming soʻmlik 18 turdagi sport inventarlari yetkazib berilgan. Belgilangan rejaga muvofiq, tez kunlarda sport inventarlarining qolgan qismi ham maktabga yetkaziladi.

21.JPG

2.JPG


2 746
Gʻolib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), OʻzA