| O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Foto | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Bo‘lg‘usi chempionlarni tarbiyalash yo‘lidaO‘zA, Dilorom Esonova, 26.07.2010 12:32 Sirdaryo viloyatida 5420 nafar qiz badiiy gimnastika bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Yoshlarimizda yuksak intellektual salohiyatni, mustaqil fikrlash qobiliyatini, keng dunyoqarashni shakllantirish bilan birga ularni jismonan chiniqtirish, ommaviy sportni rivojlantirish ham yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Mamlakatimizning barcha hududlarida, xususan, olis va chekka qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualari bunyod etilmoqda. Izchillik bilan amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” konsepsiyasi zamirida ham sog‘lom avlodni tarbiyalash maqsadi mujassam. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sog‘lom ona – sog‘lom bola, sog‘lom bola – sog‘lom kelajak, demakdir. Shu ma’noda, qizlarni sportga jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani, keyingi yillarda sportning nafis turi hisoblangan badiiy gimnastika va sport gimnastikasi jadal rivojlanayotgani ham ana shu ezgu g‘oyani amalga oshirishga xizmat qiladi. Sirdaryo viloyatida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida viloyat hokimi Oybek Ashurmatov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi. – Prezidentimiz Islom Karimov shu yilning 10 mart kuni O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ta’kidlaganidek, qizlarni sportga jalb etish masalasi alohida yondashuv va katta e’tiborni talab etadi, – deydi O.Ashurmatov. – Ana shuni hisobga olgan holda viloyatimizda badiiy gimnastika federatsiyasi tashkil etildi. Guliston shahridagi «Alpomish» sport majmuasining yopiq tennis korti mazkur federatsiyaning markazi qilib belgilandi. Ma’lumki, badiiy gimnastikaga qizlar besh-olti yoshdan jalb qilinadi. Sababi ularning gavdasi mana shu yoshdan nozik harakatlarga juda tez moslashadi. Shu bois bugungi kunda mazkur soha tarbiyalanuvchilari orasida bog‘cha yoshidagi qizaloqlarning ham borligi kelgusida mohir badiiy gimnastikachilar safi kengayishida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Viloyatimizda 5 ming 420 nafar qiz sportning badiiy gimnastika turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Buning uchun 11 umumta’lim maktabi, 11 maktabgacha ta’lim muassasasi, 10 akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 2 bolalar va o‘smirlar sport maktabida namunaviy sport zali, moslashtirilgan badiiy gimnastika xonalari tashkil etilib, zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Bundan tashqari, «Guliston» markaziy stadioni hududidagi bino rekonstruksiya qilinib, badiiy gimnastika zaliga aylantirildi. Ushbu zal 120 million so‘mlikdan ziyod badiiy gimnastika anjomlari bilan jihozlandi. Bugungi kunda bu yerda yuz nafarga yaqin gulistonlik 5-18 yoshli qizlar sportning ushbu nafis turi bilan shug‘ullanmoqda. Guliston shahridagi «Alpomish» sport majmuasida tashkil etilgan badiiy gimnastika zalida ham sportning bu turi bilan shug‘ullanuvchi qizlar safi kundan-kunga kengayib boryapti. Badiiy gimnastikani rivojlantirish borasida qiladigan ishlarimiz hali ko‘p. Viloyatimizdagi barcha umumta’lim maktablari hamda maktabgacha tarbiya muassasalarida badiiy gimnastika zali va xonalarini tashkil etmoqchimiz. Jumladan, Mustaqillik bayrami arafasida pedagogika yo‘nalishidagi 4 kollejda zarur jihozlar bilan ta’minlangan badiiy gimnastika zallari foydalanishga topshiriladi. Bu ham bo‘lg‘usi pedagoglarimizning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi. Ta’kidlash joizki, qizlarni sportga jalb etish ishlari nafaqat shaharlarda, balki qishloq joylarda ham izchil olib borilayotir. Chekka hududlarda badiiy gimnastika zallari tashkil etilayotganidan ota-onalar mamnun bo‘lmoqda. Qizlarni nafaqat ota-onalari, hatto buvi va buvajonlari ham yetaklab, badiiy gimnastika zallariga olib kelishi quvonarli hol, albatta. Sirdaryo tumani Oxunboboyev nomli mahalla hududidagi 15-umumta’lim maktabida 378 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ularning 197 nafari qizlar. Yaqinda mazkur maktabda namunaviy badiiy gimnastika zali ochilishini barcha katta quvonch bilan kutib oldi. Hozir bu yerdagi badiiy gimnastika to‘garagi mashg‘ulotlarida ushbu maktab o‘quvchilari, qishloqdagi sport maktabi tarbiyalanuvchilari hamda qo‘shni «Malik» suvdan foydalanuvchilar uyushmasidagi uchta maktab qizlari ham qatnashmoqda. Shuningdek, Mehnatobod tumanidagi qishloq xo‘jalik, Boyovut tumanidagi agrosanoat hamda Mirzaobod tumanidagi Mirzacho‘l qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejlarining sport zallarida ham badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan qishloq qizlari safi kundan-kunga ortmoqda. Viloyatdagi 33 maktab va maktabgacha tarbiya muassasasi, 10 kollej va litseylarda tashkil etilgan badiiy gimnastika zali va xonalarining 80 foizi qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Ta’lim muassasalarida tashkil etilgan o‘nta namunaviy badiiy gimnastika zalining sakkiztasi qishloqlarda. Viloyatning Sardoba, Oqoltin, Sayxunobod kabi tumanlarida tashkil etilgan badiiy gimnastika zallari ham bugungi kun talabi darajasida jihozlangan. Mazkur sport zallariga tuman xalq ta’limi bo‘limi va moliya boshqarmasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, homiylar tomonidan zarur badiiy gimnastika jihozlari yetkazib berildi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tuman va shaharlardagi badiiy gimnastikaga moslashtirilgan 58 xona va sport zallariga 87,3 million so‘mlik jihozlar o‘rnatildi. Badiiy gimnastika zallari sport anjomlaridan tashqari 83,8 million so‘mlik gimnastika gilamlari, perila, ko‘zgu kabi zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Badiiy gimnastikani rivojlantirishda murabbiyalar tayyorlash va ularning malakasini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda viloyatda ishlayotgan 502 nafar xotin-qiz murabbiyaning 290 nafari umumta’lim maktablarida, 172 nafari maktabgacha ta’lim muassasalarida, 40 nafari litsey va kollejlarda faoliyat yuritmoqda. Ularning barchasi badiiy gimnastika murabbiyaligi bo‘yicha sertifikatga ega. Murabbiyalarning malakasini oshirish maqsadida Guliston shahrining «Alpomish» sport majmuasida viloyatdagi barcha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, litsey va kolejlarning 184 nafar tarbiyachi va murabbiyalari ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Mashg‘ulotlarni poytaxtimizdan kelgan malakali mutaxassislar olib bordi. Badiiy gimnastikaga bo‘lgan qiziqishning tobora ortib borayotgani va joylarda to‘garaklar, sport seksiyalarining ko‘payayotganini inobatga olsak, mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj yanada oshayotgani tabiiy hol. Shu bois bosqichma-bosqich o‘quv seminarlari o‘tkazib, murabbiyalar tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, kelgusida Guliston davlat universiteti qoshida sport murabbiylari tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, viloyat olimpiya zaxiralari sport kollejini qurish niyatimiz bor. Yaqin vaqtgacha viloyatimizda xotin-qizlar sportiga yetarli darajada e’tibor berilmagan. Qizlarimiz sportning faqat sinxron suzish turi bilan shug‘ullanib kelgan. Sportning bu turi bo‘yicha viloyatda 4 nafar murabbiy qo‘l ostida 119 nafar qiz tarbiyalangan. Hozir esa vaziyat mutlaqo boshqacha. Ayni paytda mazkur sport turi bilan birga badiiy gimnastika ham keng rivojlanmoqda. Bugungi kunda birgina Guliston shahrida sportning badiiy gimnastika turi bilan shug‘ullanuvchi qizlar 500 nafardan ortadi. Badiiy gimnastikani rivojlantirish yo‘lida viloyatimizda amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini beradi, albatta. Sirdaryo viloyatidan ham go‘zallik va salomatlik omili bo‘lgan sportning bu nafis turi bo‘yicha nufuzli musobaqalar g‘oliblari yetishib chiqishiga ishonamiz. So‘nggi yangiliklar: |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |