Qorao‘zakda yangi sport majmuasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida zamonaviy bolalar sporti majmuasi foydalanishga topshirildi.
Yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan mazkur majmuada Nukusdagi “Ispaq qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari 2 milliard 240 million so‘mlikdan ziyod bunyodkorlik ishlarini bajardi.
– Ayni paytda bu yerda bolalar sportning besh turi bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyati mavjud, – deydi sport majmuasi rahbari Mubarek Aytimov. – Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlangan majmuada “Umid nihollari” musobaqasiga kiritilgan barcha sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi.
Tumanda 23 sport zali, 96 sport maydonchasi yoshlarning jismonan va ma’nan sog‘lom voyaga yetishi uchun xizmat qilayotir. Ikkita bolalar va o‘smirlar sport maktabi, umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlarida sportning 8 turi bo‘yicha tashkil etilgan to‘garaklarda 1 ming 500 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
– Barcha qulayliklarga ega sport zallarida shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan turli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Qorao‘zak tumani vakili Yerejep Almag‘ambetov. – Taekvondo bo‘yicha Xonzoda Polvonova, Oysuluv Abatova, Davlatyor Qurbonboyev, badiiy gimnastika bo‘yicha Malika Tojiboyeva, Dilnoza O‘rozboyeva, Dilfuza O‘tarboyeva, yengil atletika bo‘yicha Yersulton Bektursunov, Aysara Turg‘aliyeva, Nabira Quralboyeva kabi sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar bilan faxrlanamiz.