Русский | English | Français | Deutsch | العربية Saytning oldingi versiyasi

Sport RSS

Iste’dodlar sinovi

O‘zA, Zohir Toshxo‘jayev, 09.03.2010 18:10

Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 12-18 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat chempionati ishtirokchilari O‘zbekiston terma jamoasi safida jahon va Osiyo chempionatlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritish uchun kuch sinashdi.

Yetmish nafarga yaqin shaxmatchi dona surgan o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasi g‘olibini aniqlash uchun qo‘shimcha tay-breyk uchrashuvlarini o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. So‘nggi tur oldidan yetti ochko bilan yetakchilik qilayotgan samarqandlik Yashin Xursandovda chempionlikni qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat bor edi. Lekin poytaxtlik Ortiq Ne’matov uni yengib, ochkolar hisobida raqibiga yetib oldi. Chempionat davomida mag‘lubiyatga uchramagan yagona shaxmatchi – toshkentlik Temur Igonin ham o‘z hamshahri Shavarsh Badalyan bilan durang o‘ynab, jami yetti ochko jamg‘ardi.

Uch nafar shaxmatchi ishtirokidagi tay-breyk natijasiga ko‘ra, Ortiq Ne’matov chempion bo‘ldi. Temur Igonin ikkinchi, Yashin Xursandov esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda farg‘onalik Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Umidli sportchi chempionatda qashqadaryolik H.Namozova, samarqandlik G.Yahyoyeva, toshkentlik D.Aliyeva, D.Melnikova, K.Sobirova, B.Abdusattorova, qoraqalpog‘istonlik S.Kakisheva hamda M.Orazmuhammedovani mot qildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilasi B.Qosimbekova esa chempion bilan durang o‘ynadi. Toshkentlik Bahora Abdusattorova to‘qqizta uchrashuvdan yettitasini o‘z foydasiga hal qilib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.

O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar turnirida ham g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazildi. Toshkentlik Nikita Xoroshev va farg‘onalik Bobur Oxunov beshtadan g‘alaba va to‘rttadan durangga erishib, jami yettitadan ochko to‘pladi. Tay-breykda g‘alaba qozongan N.Xoroshev birinchi, B.Oxunov esa ikkinchi o‘ringa loyiq topildi. Chempionatni mag‘lubiyatsiz yakunlagan mezbon shaxmatchi Talgat Gubaydulin olti yarim ochko bilan kuchli uchlikdan joy oldi.

Qizlar bahsida sirdaryolik Sarvinoz Qurbonboyevani yengadigan shaxmatchi topilmadi. U toshkentlik G.Pak, YE.Verbova, N.Kim, samarqandlik M.Jalilova, navoiylik M.Qahramonova, farg‘onalik G.To‘raxonova, poytaxt viloyati shaxmatchisi J.Sobirovani mag‘lubiyatga uchratdi hamda F.Xursanova (Samarqand) va M.Mamatqulovaga (Toshkent viloyati) qarshi durang o‘ynadi. M.Qahramonova ikkinchi, F.Xursanova uchinchi o‘rinni egalladi.

So‘nggi yangiliklar:

Shaxmatchimiz sovrinli o‘ringa da’vogar

Ob-havo ma’lumoti

Iqtidorli sportchilar bellashuvi

Inson manfaatlari doim ustuvor

Telefon tarmog‘i taraqqiyoti

Reklama