Русский | English | Français | Deutsch | العربية Saytning oldingi versiyasi

Sport RSS

Yuksak marralarni ko‘zlab...

O‘zA, Bayram Aytmurodov, 04.03.2010 12:18

Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, kasbiy, jismoniy, intellektual va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi farmoniga muvofiq sog‘lom oilani shakllantirish, xotin-qizlar va oila sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish kabi muhim vazifalarning amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning chekka-chekka hududlarida ham zamonaviy ko‘rinishdagi, barcha qulayliklarga ega sport inshootlari barpo etildi Bunda tarbiyalanayotgan sportchi qizlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda, qit’a va jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotir.

Ana shunday iqtidorli sportchilardan biri – jangovar yakkakurashlar bo‘yicha I Osiyo o‘yinlarining kurash musobaqasi g‘olibasi, jahon chempionati kumush medali sovrindori, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining to‘rtinchi kurs talabasi Muqaddas Kubeyevadir.

- Sport insonni jismonan baquvvat, ruhan tetik, vatanparvar, oilasiga, xalqiga sadoqatli, qat’iyatli qilib tarbiyalaydi va oliy maqsad sari intilish, yuqori marralarni zabt etishni o‘rgatadi, – deydi M.Kubeyeva. – Tarixi ming yillarga borib taqaladigan o‘zbek kurashi mustaqillik yillarida Yurtboshimiz rahnamoligida xalqaro sport turiga aylantirildi. Hozir dunyoning yuzdan ziyod mamlakatida jadal rivojlanayotgan bu sport turi musobaqalarida “halol”, “kurash”, “chala”, “yonbosh” kabi o‘zbekcha so‘zlar yangramoqda. Sport – menga sog‘lom bo‘lib voyaga yetish, jamiyatda o‘z o‘rnimni topish, ko‘zlagan maqsadlarimni amalga oshirish imkonini berdi. Men sportchi ekanimdan faxrlanaman.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi M.Kubeyeva bolaligidan sportning yakkkakurash turlariga qiziqdi. Qizidagi iqtidorni o‘z vaqtida payqagan Ergash aka o‘n yoshli Muqaddasni xalqimizning milliy qadriyati – kurash to‘garagiga olib bordi.

M.Kubeyeva dastlabki g‘alabasiga 2005 yili Toshkent viloyatida o‘tkazilgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining “Barkamol avlod” sport o‘yinlarida erishdi. U kurash bellashuvlarida bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyat uning qalbida yanada yuksak marralarni zabt etish orzusini uyg‘otdi. Tinimsiz mashg‘ulotlar, nufuzli musobaqalarda o‘zini ko‘rsatgan M.Kubeyeva 2006 yili kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga qabul qilindi. Mohir sportchi 2007 yili Mo‘g‘ulistonda, 2009 yili Ukrainada o‘tkazilgan kurash bo‘yicha jahon chempionatlarida kumush medal bilan taqdirlandi.

- Bugungi kunda terma jamoamizga oltmish nafar yigit-qiz jalb etilgan, – deydi kurash bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiysi Olimjon Hayitov. – Muqaddas Kubeyeva, Sohibjamol Xoliqulova, Shohida Nazarova, Mahliyo Sattorova, O‘g‘iloy Nuraliyeva, Gulmira Ismatova singari sportchi qizlarimizning xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlari mamlakatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirishga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi samarasidir.

Yurtimizda yoshlarning ma’nan va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi, bilim olishi, kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga munosib bo‘lish, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish har bir o‘g‘il-qizning muqaddas burchidir.

So‘nggi yangiliklar:

Shaxmatchimiz sovrinli o‘ringa da’vogar

Ob-havo ma’lumoti

Iqtidorli sportchilar bellashuvi

Inson manfaatlari doim ustuvor

Telefon tarmog‘i taraqqiyoti

Reklama