Русский | English | Français | Deutsch | العربية Saytning oldingi versiyasi

Sport RSS

Go‘zallik va nafosat bayrami

O‘zA, Zohir Toshxo‘jayev, 19.02.2010 19:14

Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati yakunlandi.

Xalqaro gimnastika federatsiyasi ko‘magida Osiyo gimnastika uyushmasi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etilgan musobaqada O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Singapur, Malayziya, Tailand, Suriya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan jami yuz ellik nafarga yaqin gimnastikachi o‘zaro kuch sinashdi.

Musobaqalar qizg‘in, keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Chunki sportchilar medallar jamlanmasidan tashqari joriy yilning 14-26 avgust kunlari Singapurda yoshlar o‘rtasida bo‘ladigan I Olimpiada o‘yinlariga beriladigan yo‘llanmalar uchun ham kurashdilar.

Ilk marotaba o‘tkaziladigan yoshlar Olimpiadasida nafaqat o‘z yurti, balki butun Osiyo qit’asi sharafini himoya qilish huquqiga ega bo‘lish uchun gimnastikachilar bor iqtidori, mahorati va tajribasini namoyish etdi. Musobaqa kulminatsiyasi – yakkaliklar o‘rtasida bir juft olimpiya yo‘llanmasi uchun ko‘pkurash bellashuvlari musobaqaning so‘nggi kuni – 19 fevralda o‘tkazildi.

Qoidaga binoan bellashuvlarga to‘rtta gimnastika predmeti – arg‘amchi, halqa, to‘p va bulava o‘ynatish bo‘yicha eng kuchli sportchilar qo‘yildi. Ular barcha predmetlar bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. G‘olib va sovrindorlar bajarilgan mashqlarga qo‘yilgan ballarning umumiy yig‘indisi bo‘yicha aniqlandi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Aziza Mamajonova ko‘pkurash bellashuvlarida birinchi o‘rinni egalladi.

A.Mamajonova Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kashf etilgan iqtidorli gimnastikachilar orasida eng kuchlisi ekanini bir necha marotaba isbotladi. Uning to‘p, halqa, bulava, arg‘amchini mohirlik bilan o‘ynatishi, chaqqon va nozik harakatlari, musiqani his etish qobiliyatiga guvoh bo‘lgan muxlisu mutaxassislar sportchimizning salohiyatini yuksak baholadi.

Aziza yakkaliklar o‘rtasidagi ko‘pkurash bellashuvlaridan tashqari, to‘p, bulava va halqada mashq bajarish bo‘yicha uchta oltin, arg‘amchi yordamida bajarilgan kompozitsiyada esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. Jamoadoshlari Sarvina Xoliqova va Husniyabonu G‘ulomova hamkorligida jamoaviy bellashuvlarda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Husniyabonu G‘ulomova yakkaliklar o‘rtasida arg‘amchida bajarilgan mashqlar bo‘yicha oltin, Sarvina Xoliqova esa halqa o‘ynatishda kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Yurtimizda mustaqillikning ilk yillaridanoq ham jismoniy, ham ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya, sport va sog‘lom turmush tarziga jalb etish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yildi. Sport – insonning jismoniy va ma’naviy kamoloti asosi, hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlar uchun o‘z qobiliyati, iste’dodi va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish vositasidir.

Mamlakatimizda ko‘plab sport turlari singari badiiy gimnastika bo‘yicha ham mohir sportchilarni tayyorlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz jamoaviy bellashuvlarda uchinchi o‘rinni egalladi. Ulyana Trofimovaning shaxsiy birinchilikda bir juft bronza medalni qo‘lga kiritgani o‘zbek gimnastikasi jadal rivojlanib borayotganidan dalolatdir. Toshkentda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionati esa tajribali sportchilarimizga munosib o‘rinbosarlar yetishib chiqayotganini ko‘rsatdi.

…Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionati bellashuvlari yakunlanib, eng hayajonli damlar – g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi boshlandi.

Tomoshabinlarning gulduros qarsaklari ostida maydonga yakkaliklar va guruh bellashuvlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan gimnastikachilar kirib keladi.

Yakkaliklar o‘rtasidagi ko‘pkurash bellashuvlarida g‘olib chiqib, Singapurda bo‘ladigan yoshlar Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Aziza Mamajonovaga oltin medalni O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti Lola Karimova topshirdi.

Sportchimiz sharafiga davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.

Ikkinchi Olimpiada yo‘llanmasi va kumush medalga qozog‘istonlik Yuliya Kizima sazovor bo‘ldi. Bronza medal qozog‘istonlik Yuliya Semyonovaga nasib etdi.

Guruhlar o‘rtasidagi ko‘pkurash bellashuvlarida g‘olib chiqqan Yaponiya terma jamoasi a’zolari – Sara Ogiso, Shixo Suzuki, Mako Sasaki va Momoka Nagai oltin medal va olimpiya litsenziyasi bilan taqdirlandi.

Xitoylik sportchilar kumush, Zarina Qurbonova, Luiza G‘aniyeva, Veronika Ugay hamda Olga Kiryakovadan iborat terma jamoamiz bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Tantanali marosim taniqli san’atkorlar ijrosidagi katta konsert bilan yakunlandi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.Mirziyoyev ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Shaxmatchimiz sovrinli o‘ringa da’vogar

Ob-havo ma’lumoti

Iqtidorli sportchilar bellashuvi

Inson manfaatlari doim ustuvor

Telefon tarmog‘i taraqqiyoti

Reklama