| Saytning oldingi versiyasi | Русский | English | Français | Deutsch |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Toshkent – Osiyo chempionati mezboniO‘zA, Zohir Toshxo‘jayev, 08.02.2010 19:53 Poytaxtimizda 14-20 fevral kunlari badiiy gimnastika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. O‘ndan ziyod mamlakatdan keladigan gimnastikachilar sovrinli o‘rinlar va joriy yilning 14-26 avgust kunlari Singapurda yoshlar o‘rtasida bo‘ladigan I Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun kuch sinashadi. Badiiy gimnastika – musiqa sadolari ostida nafis va ayni paytda murakkab raqs va harakatlarni bajarishga asoslangan sport turi bo‘lib, qizlarning har tomonlama sog‘lom, nafosatli va nazokatli bo‘lib voyaga yetishida beqiyos ahamiyatga ega. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani tufayli yurtimizda badiiy gimnastika tobora ommalashmoqda. Osiyo gimnastika federatsiyasi mamlakatimizning nufuzli sport anjumanlarini yuqori saviyada o‘tkazish borasidagi boy tajribasi va imkoniyatlarini inobatga olib, 2010 yilning eng nufuzli musobaqalaridan biri – o‘smirlar o‘rtasida badiiy gimnastika bo‘yicha qit’a chempionatini Toshkent shahrida o‘tkazishga qaror qilgani ham shundan dalolat beradi. O‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining yakkalik bellashuvlarida mamlakatimiz sharafini iste’dodli gimnastikachilardan Sarvina Xoliqova, Aziza Mamajonova va Husniyabonu G‘ulomova himoya qiladi. Guruh bellashuvlarida umidli sportchilar – Zarina Qurbonova, Luiza G‘aniyeva, Veronika Ugay hamda Olga Kiryakova qatnashadi. – Mazkur chempionat qit’amiz gimnastikachilari uchun Singapurda bo‘ladigan yoshlar o‘rtasidagi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beradigan yagona turnir hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi Tatyana Abdurahmonova. – Shuning uchun bellashuvlar keskin va murosasiz o‘tadi. Chempionatda qatnashadigan yetti nafar sportchimiz malakali murabbiylar, psixologlar va tibbiyot xodimlari yordamida bellashuvlarga ham jismonan, ham ruhan puxta hozirlik ko‘rmoqda. Ular yuksak natijalarga erishishiga ishonamiz. Terma jamoamizga qabul qilingan sportchilar mamlakatimizda o‘tkazilgan musobaqalardan tashqari Vengriya, Germaniya va Belgiya kabi davlatlardagi xalqaro turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egallagani buning dalilidir. So‘nggi yangiliklar: |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |