Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 18:06 Chop etish versiyasi

“Osiyo o‘yinlari – 2017”: opa-singillar shohsupaning eng yuqori pog‘onasida

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tkazilayotgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining kurash bo‘yicha musobaqalarida qatnashgan xorazmlik opa-singil Kumush va Rahima Yo‘ldoshevalar o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Bu xushxabar nafaqat ularning ota-onasi, murabbiylari va qarindoshlari, balki barcha yurtdoshlarimizning qalbini g‘urur-iftixorga to‘ldirdi.

Shovot tumanining chekka bir qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetgan opa-singillar bolaligidan sport bilan muntazam shug‘ullandi. Murabbiylari – xalqaro toifadagi sport ustasi San’at Odamboyev va tajribali mutaxassis Anvar Quronboyevdan kurash va dzyudo sirlarini puxta o‘zlashtirgan qizlar bir necha yillardan buyon xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelmokda.

Kumush Yo‘ldosheva yoshligidan maktabdosh dugonalariga qo‘shilib Shovot tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida kurash sirlarini o‘rganish uchun qatnay boshladi. Tirishqoqligi va o‘z ustida tinmay mehnat qilishi asta-sekin o‘z natijasini berdi. Opasining muvaffaqiyatini ko‘rgan singillari Rahima va Nasiba ham unga qo‘shilib, shu sport turini tanladi.

Kumush Yo‘ldosheva xalqaro toifadagi sport ustasi, Rahima va Nasiba sport ustasi hisoblanadi. Opa-singillar Urganch davlat universiteti talabalaridir. Ashxobodda erishilgan natija ularning yaqinlari, hamqishloqlari, ustozlari, sport mutaxassislari va muxlislariga olam-olam kuvonch bag‘ishladi.

– Kuni kecha televizor orqali qizlarim Kumush va Rahimaning nufuzli musobaqada gilamga chiqib kelishini kuzatar ekanman, ko‘zlarimga yosh keldi, – deydi sportchi qizlarning onasi Umida Yoqubova. – Ikkalasi ham ketish oldidan menga “Onajon, sizga albatta oltin medal tuhfa qilamiz! Ko‘rasiz, biz opa-singillar O‘zbekistonimizning madhiyasini baralla yangratamiz!”, deyishgan edi. Ularning bo‘yniga medallarni taqishganida, Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida menga qo‘shilib qarindoshlar ham quvonchdan yig‘ladi. Mamlakatimizda yoshlarga, ayniqsa, qizlarga sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Qizlarimning g‘alabasi ana shu e’tibor samarasidir.

Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining kurash bo‘yicha musobaqalarida Kumush Yo‘ldosheva 78 kilogrammgacha vazn toifasida Hindiston, Turkmaniston va Xitoy Taypeyi davlatlari sportchilarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Rahima Yo‘ldosheva esa 87 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Nepal, Hindiston va Turkmaniston kurashchilarini yengib, birinchi o‘rinni egalladi.

– Opa-singillar – Kumush, Rahima va Nasiba Yo‘ldoshevalar yoshligidan ko‘z o‘ngimizda ulg‘ayib, ulkan muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda, – deydi Shovot tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori o‘rinbosari Narimon Xudoyberganov. – Ishonamanki, ular bundan ham nufuzli musobaqalarda yuksak g‘alabalarga erishib, Vatanimiz dovrug‘ini butun dunyoga tarannum etadi.

Ashxobod shahri mezbonlik qilayotgan nufuzli sport anjumanida Xorazm viloyatidan ham ko‘plab sportchilar ishtirok etmoqda. Jumladan, og‘ir atletikachilardan jahon chempioni Farhod Sobirov, Shahzod Xudoyberganov, sambo buyicha jahon kubogi sohibi Zafarbek Allaberganov, shaxmat buyicha FIDE ustasi Nodirbek Yoqubboyev ham sovrinli o‘rinlar uchun asosiy da’vogarlardan. Ular o‘zlarining yorqin g‘alabalari bilan barchamizni quvontirishiga ishonchimiz komil.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
1 020






Все о погоде - Pogoda.uz