Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 17:34 Chop etish versiyasi

Zulxumor bir oilaning guldek bekasi bo‘lib, farzandlari quvonchiga sherik bo‘lishi mumkin edi...

Xalqimiz oilani muqaddas biladi. Farzand dunyoga kelgach, ota oilani moddiy jihatdan ta’minlaydi, ona bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ayniqsa, qiz bolaning tarbiyasiga alohida e’tibor qaratiladi, unga sharqona odob o‘rgatiladi. Negaki, u ertaga ona bo‘ladi, avlodlar davomiyligini ta’minlaydi. Binobarin, ayol va uning sha’ni, qadr-qimmati uchun hammamiz javobgarmiz.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, mehnat va turmush sharoitini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ular orasida nomaqbul ishlar bilan shug‘ullanayotgan, yosh qizlarni aldov yo‘li bilan xorijga daromadli ishga deb yuborib, ulardan boylik orttirish vositasi sifatida foydalanayotganlar ham, afsuski, uchrab turibdi.

Quvasoy shahrida yashovchi Zulxumor Shokirova ana shulardan biri. Endigina 26 yoshni qarshilagan bu ayol bir oilaning guldek bekasi bo‘lib, farzandlari quvonchiga sherik bo‘lishi mumkin edi. Afsuski, u bu yo‘lni tanlamadi.

Zulxumor 2016-yil oktabr oyida Nargizaning moddiy tomondan qiynalib yurganini bilib, unga Rossiya Federatsiyasida katta miqdorda pul ishlab olishi mumkinligini aytib, yolg‘on va’dalar beradi. Albatta, mo‘may daromadni eshitgan qiz ham bu “taklif”ga ko‘nadi. Unga bilet jo‘natadi. Z.Shokirova xorijga yetib borgach, Nargizaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini olib qo‘yadi. Ish topib berish o‘rniga nomaqbul ishlarga majburlaydi.

Nargiza bir amallab uning xonadonidan qochib ketadi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi mazkur jinoiy ishni ko‘rib chiqib, Z.Shokirovani uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Ha, bizning jamiyatda jinoyatga jazo muqarrar, buni hamma bilishi shart.

Odam savdosi qurboni bo‘lgan Nargizaning qismati barchamizni yanada ogoh bo‘lishga undaydi. O‘z yurtdoshlarini, tanish-bilishlarini, yosh qizlarni aldab, o‘zga yurtlarga olib ketayotgan, ularni turli ishlarga majburlab pul topayotgan kimsalarning asl basharasini ko‘rayapmiz. Ularning ko‘pchiligi qonun oldida javob bermoqda. Shuncha targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilayotganiga qaramay, Zulxumor singari kimsalar yoshlarni aldab, firibgarlik yo‘li bilan g‘ayri maqsadlarda foydalanayotgani aslo kechirib bo‘lmas holatdir.

Bugungi kunda xotin-qizlar yetakchilari, mahalla maslahatchilari, ko‘pni ko‘rgan onaxonlar, ma’naviyat jonkuyarlari, ustoz va murabbiylar ayollar o‘rtasida sodir etilayotgan turli jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirishi davr talabidir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
948






Все о погоде - Pogoda.uz