O‘zA O`zbek

20.08.2018 20:55 Chop etish versiyasi

Zomin jilg‘alari

Zomin jilg‘alari Jizzax viloyati Zomin tumanida “Zomin jilg‘alari” tasviriy san’at va fotografiya anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yosh ijodkorlar kengashi tomonidan “Zomin” bolalar oromgohida o‘tkazilgan anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tasviriy san’at va fotografiya yo‘nalishida ijod qilayotgan 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 65 nafar ijodkor ishtirok etdi.

Prezidentimizning “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, intellektual salohiyatli insonlar etib tarbiyalash borasida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berildi. Bu vazifalarni amalga oshirishda san’at yo‘nalishi alohida o‘ringa ega.

– Davlatimiz rahbarining ijodkorlarni, ayniqsa, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilgan qarorlari yoshlarga oid davlat siyosatining izchil amalga oshirilishiga xizmat qilayotir, – deydi Respublika yosh ijodkorlar kengashi raisi Mehrinoz Abbosova. – Bugungi anjumanning o‘tkazilishi ham ana shu e’tibor samarasidir. Taniqli san’at ustalari, sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan anjuman, shubhasiz, yoshlar uchun haqiqiy mahorat maktabi bo‘ldi.

Uch kun davom etgan anjumanda yoshlarga O‘zbekiston xalq rassomi, professor R.Xudoybergenov, Badiiy akademiya a’zolari G.Rahmon,I.Ilhomjonov, taniqli foto ustalari E.Kurtvaliyev, Yu.Korsunsev, V.Sokolovlar mahorat darsi o‘tdi.

Tabiat qo‘yniga sayohat tashkil etilib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Yosh rassom va fotograflar Zominning go‘zal tabiatidan ilhomlanib ijod qildi.

Tadbir doirasida yosh rassomlar va fotograflar ishlari namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Barcha ishtirokchilar maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. “Eng intiluvchan rassom”, “Eng kreativ rasm”, “Eng intiluvchan fotograf”, “Eng kreativ foto” va “Eng kreativ fotoportret” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

– Hammasi ajoyib bo‘ldi, – deydi “Eng intiluvchan rassom” nominatsiyasi g‘olibi, Xorazm viloyatidan kelgan Xudoyshukur Rajabov. – Men ushbu anjuman orqali haqiqiy ijod olamiga kirdim. Davlatimizning yosh ijodkorlarga g‘amxo‘rligiga o‘zimning ijodim bilan javob qaytaraman.

Anjuman so‘nggida ishtirokchilar Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya, Sharof Rashidov yodgorliklariga, muzeylarga sayohat qildi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA
4 013