O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Zog‘ora baliq nega qimmat?

Zog‘ora baliq nega qimmat?

O‘rta Chirchiq tumani Uyg‘ur mahallasida turli millatga mansub 2,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Har bir oila o‘ziga tegishli kaftdek yerdan unumli foydalanishga harakat qiladi. Shu tariqa ko‘plab xonadonlarda issiqxonalar qurildi.

Ulardan biri Vasiliy Malchikov to‘rt yildan buyon quyonchilik, baliqchilik va parrandachilik ortidan yaxshigina daromad olmoqda.

Dastlab 400 dona quyon bilan tadbirkorlikni boshlagan oila a’zolarining hozirda minglab quyoni bor.

– 400 dona quyondan yiliga o‘rtacha yetti marta uzunquloq olamiz, – deydi V.Malchikov. – Shunda har yili bitta ona orqali quyonlarimiz o‘rtacha 600 ko‘payadi. Ayni vaqtda Fransiyadan olib kelingan, naslli quyonlarni go‘shti va mo‘ynasi uchun parvarishlab, Samarqand va Toshkentdagi savdo tarmoqlariga 40 tonna parhezbop go‘sht yetkazib bermoqdamiz.

Tadbirkor oila ayni vaqtda quyonchilikni qo‘shnilarga ham o‘rgatib, ularga mahorat darslari o‘tmoqda. Shu tariqa ularni ham oilasida farovonlik oshmoqda.

– Uzunquloq parvarishlashda ozuqa sifatida juda muhim, – deydi Boymurod Eshmirzaev. – Shuningdek, emlashni o‘z vaqtida bajarish kerak. Ular bolasini juda qizg‘anganda, ko‘payish vaqtida qorong‘u joyda begonalar ko‘zidan uzoqda saqlashga e’tibor qaratish shart. Shularni hisobiga quyonlar sonini 200 ta yetkazdim. Quyon go‘shti qandli diabet, allergiya, jigar kasalliklarida foydali bo‘lib, oqsil ko‘pligi bois sportchilarga ham tavsiya etiladi. Farzandlarimga ham turli taomlar tayyorlab beramiz, ularni immuniteti mustahkamligi bois, ko‘p kasal bo‘lmaydi.

Ko‘plab parranda ham boqayotgan tadbirkor oila chorva uchun ozuqani o‘zi yetishtirib, yem tayyorlash sexini ham tashkil etgan. Shu bois yer masalasi tadbirkor uchun og‘riqli va dolzarb masala bo‘lib turibdi.

– Bu oilaning mahallaga juda ko‘p foydasi tegmoqda, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ahad Usmonov. – Olti nafar ish o‘rni yaratgan. Shogirdlar tayyorlamoqda. Tomorqasidan ham unumli foydalanmoqda. Iloji bo‘lsa, ularga qo‘shimcha yer berilsa ishlari yanada rivojlanib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lardi.

Tomorqa chetida yaratilgan sun’iy ko‘ldan har yili uch tonna baliq olinmoqda. Shu jarayonda bozorda nega zog‘ora baliq qimmatligi bilan qiziqdik.

– Baliqni bu turini vazn yig‘ishi boshqa baliq turlariga nisbatan uzoqroq davom etadi, – deydi V.Malchikov. – Bu esa ko‘p ozuqa va vaqt talab etadi. Shu tariqa mahsulot tannarxi oshib, uning bahosiga ta’sir qiladi.

Vasiliy Malchikov hovlisida kurka, tovuq va ko‘plab tovuslarni ham ko‘rdik. Parrandalardan kuniga 300 dona tuxum olinib, bozorga yetkazib berilar ekan. Ular uchun kataklarni ham oilaning o‘zi tayyorlaydi. Atrofdagilarga qafaslar bilan birga parrandalar ham yetkazib berilayotgani oila a’zolarining har birini bandligini ta’minlamoqda.

1 301
Sayyora ShOEVA, O‘zA