O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Zo‘ravonlikdan o‘zini himoya qilish har bir ayolning huquqidir

Zo‘ravonlikdan o‘zini himoya qilish har bir ayolning huquqidir
Zo‘ravonlikning har qanday turi inson huquqlariga qarshi jinoyatdir va bu holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etishga doir tadbir o‘tkazildi.

Uy sharoitida zo‘ravonliklar asosan sifatsiz ta’lim sabab bo‘lgan past iqtisodiy ko‘rsatkichli oilalar boshiga to‘g‘ri keladi. Shu jumladan, ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar ayolning iqtisodiy yetishmovchiligi tufayli yuz beradi. Shuni aytish lozimki, dunyodagi davlatlarning kam qismi ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi qonunlarni qabul qilgan.

Bu borada O‘zbekiston joriy yilning o‘zida “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilgan sanoqli davlatlar qatoriga kiradi. Bu qonunlar davlat va boshqa tegishli tashkilotlarni ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurashish va ularga barham berishga chaqiradi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad gender zo‘ravonlikning ko‘rinishlari, ya’ni ruhiy, jinsiy, jismoniy va iqtisodiy zo‘ravonlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, ushbu muammolarni hal qilish yuzasidan takliflar berishdan iboratdir.

Tadbir davomida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va reproduktiv yoshidagi ayollar o‘limi va ularning mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolishining muhim sabablari ko‘rsatib berildi. “Ayollarning davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ishtirokining huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusidagi videoroliklar namoyish etildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, xotin-qizlar orasida aynan saratonga chalinish, bezgak, yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rish, avtotransport hodisalari eng ko‘p uchraydi.

Mamlakatimizda tazyiqqa uchragan ayollarga yordam berish, muammolariga yechim topish maqsadida zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan ayollar uchun reabilitatsiya va moslashtirish markazlari tashkil qilingan. Zo‘ravonlikka duch kelgan ayollar uchun “ishonch telefon“lari ishlab turibdi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutaxassislari, Toshkent shahar bosh imom-xatibi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatorlari va NNT ekspertlari va boshqalar ayollar zo‘ravonligiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan chora-tadbirlar haqidagi loyihalar haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova so‘zga chiqdi.


1 355
M.TOShQORAEVA, O‘zA