O‘zA O`zbek

24.08.2018 14:31 Chop etish versiyasi

Ziyoratgoh obodonlashtirildi

Ziyoratgoh obodonlashtirildi

Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Xoʻjabogʻbon ota” ziyoratgohi amalga oshirilgan qurilish, taʻmirlash ishlaridan soʻng yanada obod maskanga aylandi. 

Tumanning Qoratosh qishlogʻi yaqinidagi xushmanzara tabiat qoʻynida joylashgan ushbu ziyoratgohni XII asrda yashab oʻtgan, tarixiy manbalarda, afsona va rivoyatlarda islomiy maʻrifat tarqatuvchi zot sifatida qayd etilgan Ibn Muhammad Vosit nomi bilan bogʻlashadi. Rivoyatlarda aytilishicha, diniy maʻrifat tarqatish niyatida kelgan Ibn Muhammad Vosit bu maskanni bogʻ-rogʻlarga aylantirgan, el orasida bogʻbonlar piri – Xoʻjabogʻbon ota nomi bilan hurmat-eʻtibor qozongan. 

“Xoʻjabogʻbon ota” ziyoratgohida katta hajmda qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jizzax – Forish avtomobil yoʻlidan ziyoratgohgacha boʻlgan masofa taʻmirlandi, “Xoʻjabogʻbon ota” qabriga maqbara, yangi xonaqoh va ayvonlar, ziyoratchilar uchun supalar qurildi. Tepalikda joylashgan maqbaraga olib chiquvchi 74 ta zina bunyod etilib, qulayliklar yaratildi. Buloqlar, suv toʻplanadigan hovuzlar taʻmirlandi. 

Qurbon hayiti kunlari ziyoratchilar, tarixchilar, diniy ulamolar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ziyoratgohning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
2 192