O‘zA O`zbek

29.08.2018 18:53 Chop etish versiyasi

Ziyoratchilar munosib kutib olindi

Ziyoratchilar munosib kutib olindi Namangan xalqaro aeroportida haj ziyoratidan qaytgan yurtdoshlarimizning dastlabki guruhi viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan kutib olindi.

Kutib oluvchilar Namangan shahri, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlaridan haj ziyoratini ado etish baxtiga musharraf boʻlgan 230 dan ziyod yurtdoshimizning yuzlarida cheksiz shukronalik va quvonch uygʻunligiga guvoh boʻldi.

– Shu kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga beadad shukrlar aytamiz, – deydi Namangan shahridan turmush oʻrtogʻi bilan birga haj ziyoratini ado etib qaytgan I.Xolmirzayev. – Bir vaqtlar butun Oʻzbekistondan atigi ikki-uch kishiga hajga borishga ruxsat berilganini bilamiz. Mustaqillik tufayli barchasi oʻzgardi. Mana, biz bir oiladan ikki kishi hajga bordik. Safar davomida bizga barcha qulayliklar yaratib berildi. Manzilga yetib borishimizdan to ortga qaytgunimizcha yurtimiz bayrogʻi ilingan avtobuslar xizmatimizda boʻldi. Mehmonxonalar borasida ham hech qanday muammo boʻlgani yoʻq. Buning uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Darhaqiqat, haj ziyorati davomida fuqarolarimizga har tomonlama qulay sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.

– Safarda Oʻzbekistondan borgan ziyoratchilar alohida guruhlarga ajratilib, har bir guruhga tajribali, jismonan tetik kishilar bosh boʻldi, – deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili A.Tursunov. – Ziyoratchilarimizga har tomonlama yuqori darajada gʻamxoʻrlik koʻrsatildi. Guruhlarga alohida-alohida shifokorlar ajratilgani, kun va haj amallarini bajarish tartibi, yoʻnalishlar aniq belgilab qoʻyilgani bois qiyinchilik va muammolar boʻlmadi. Barcha amallarni ado etib, mehmonxonaga qaytganimizda esa oʻzbekistonlik oshpazlar tomonidan tayyorlangan milliy taomlar tanovvul qildik.

Ziyoratchilar aeroportdan avtobuslarda yoʻl harakati xavfsizligi borasida koʻrilgan chora-tadbirlarga muvofiq, uyushqoqlik bilan manzillariga yetkazib qoʻyildi.

A.Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) OʻzA
1 024