O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

“ZIF Textile” har kuni 2 ming dona bepul niqob tarqatmoqda

“ZIF Textile” har kuni 2 ming dona bepul niqob tarqatmoqda

Termiz shahridagi “ZIF Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati tikuvchilari har kuni 2 ming dona tibbiy niqob tikib, shahar aholisiga bepul tarqatmoqda. Niqob uchun zarur matolar shahar hokimligi tomonidan peshma-pesh yetkazib berilayotir.

Oʻtgan yilning may oyida ish boshlagan korxona Germaniya, Italiya va Turkiya texnologiyasi bilar jihozlangan. 1 ming 200 dan ortiq ishchi mehnat qilayotgan jamoa 180 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqarmoqda.

Korxonaning oʻz mahsulotini sotishi uchun doimiy bozori – mamlakatimizning turli hududlarida 28 ta yirik savdo majmuasi bor. Yaqinda yirik tikuvchilik korxonasi Termiz shahrida “Indenim” brendi ostidagi 28-savdo majmuasini ishga tushirib, yana 300 dan ortiq yoshlarni doimiy ish bilan taʼminladi. Yil oxirigacha bunday savdo majmualari sonini koʻpaytirish, tikuvchilik majmuasida esa qoʻshimcha 500 dan ziyod xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

Dunyo hamjamiyatida jiddiy tashvish oʻygʻotgan koronavirus insoniyatning mehr-oqibati, hamjihatligi va aqlu-idrokini sinovdan oʻtkazayotgan shu kunlarda Surxondaryo viloyatida ham koʻplab korxonalar, tadbirkorlar va boshqa insonlar aholiga tibbiyot niqoblari, turli oziq-ovqat mahsulotlari hamda kundalik ehtiyoj mollarini bepul tarqatib, xalqimizga xos saxovatpeshalik, ahillik fazilatlarini keng namoyon etmoqda.

496
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA