O‘zA O`zbek

06.08.2018 20:57 Chop etish versiyasi

Zarur vazifalar belgilandi

Zarur vazifalar belgilandi Qurolli Kuchlari akademiyasida Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mudofaa vazirligi mas’ullari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mudofaa vaziri A.Azizov o‘tgan qisqa davr ichida har tomonlama yetuk harbiy kadrlarni tayyorlash, qo‘shinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati va joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish va faollashtirish borasida bir qator muhim ishlar yo‘lga qo‘yilgani xususida ma’lumot berdi. Qarorda belgilangan vazifalar, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy ishlar, sohadagi muammolar va ularning yechimiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur qarorda shuningdek, mudofaa vazirligi qo‘shinlarida psixolog, yetakchi sotsiolog va harbiy qism komandirining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilishi, “Turon” teatr-studiyasi ochilishi xususida atroflicha ma’lumot berildi. Qurolli Kuchlar tizimida haftaning har juma kuni “Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” etib belgilanishi va shu kunlarda o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga katta e’tibor qaratilishi lozimligiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Qaror bilan qabul qilingan Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha mudofaa vaziri raisligida respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Ushbu komissiyaga harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligini tahlil qilib borish, aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqish kabi vazifalar yuklangan. Shuningdek, qaror bilan 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Qurolli Kuchlar akademiyasining Umumqo‘shin fakultetida “Qo‘mondonlik-taktik tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar” yangi mutaxassislik bo‘yicha ta’lim yo‘nalishi kiritiladi.

Yig‘ilishda viloyatlardagi harbiy okruglar harbiy xizmatchilari ham qaror yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 559