O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 13:03 Chop etish versiyasi

Zarkent aholisiga yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi

Zarkent aholisiga yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi

7-8-sentyabr kunlari yurtimizning barcha hududlarida tashkil etilgan “Salomatlikni targʻib qilish kunlari” Samarqandda ham uyushqoqlik bilan oʻtkazildi.

Joylardagi madaniyat va istirohat bogʻlarida tibbiyot pavilonlariga tashkil etilib, aholi tibbiy koʻrikka taklif etildi. Sogʻlom turmush tarzi asoslari, kasalliklarning oldini olish haqida ularga mutaxassislar tomonidan zarur tavsiyalar berildi.

Barcha tuman va shahar markaziy poliklinikalarida uyushtirilgan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikda mahalliy mutaxassislar bilan birga poytaxtdan va viloyat markazidagi tibbiyot muassasalarida xirurgiya, nevrologiya, urologiya, kardiologiya, travmatologiya, pediatriya, akusher-ginekologiya, oftalmologiya kabi sohalarda ishlayotgan olimlar va malakali mutaxassislar ishtirok etdi.

Chekka hududlarda istiqomat qiluvchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ular yashab turgan xonadonda koʻrik tashkil etildi.

Tibbiy koʻriklar natijasida statsionar davolanishga muhtoj deb topilganlarni tegishli tartibda tuman, shahar, viloyat va respublika tibbiyot muassasalarida sogʻlomlashtirish rejalashtirilgan.

Jismoniy faollikni keng targʻib qilish maqsadida taʼlim muassasalari oʻquvchi va talaba-yoshlari hamda keng jamoatchilik oʻrtasida ommaviy sport musobaqalari, yugurish marafonlari tashkillashtirildi.

Tadbir doirasida viloyatning Qoʻshrabot tumanidagi olis Zarkent mahallasida zamonaviy qishloq oilaviy poliklinikasi faoliyat boshladi.

– 2 milliard 200 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanib, rekonstruksiya qilingan muassasamizda 20 mingga yaqin Zarkent aholisiga yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi, – deydi Zarkent qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri Xoldor Ibragimov. – 120 qatnov quvvatiga ega poliklinikamizda 30 oʻrinli kunduzgi statsionar tashkil etildi. Barcha xonalar va laboratoriya zarur jihozlar va zamonaviy tibbiy apparatlar bilan taʼminlandi. Ijtimoiy dorixona va tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi.

Yangi muassasada qishloq aholisi Toshkent va Samarqand shaharlaridan borgan malakali mutaxassislar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Gʻ.Hasanov, OʻzA