O‘zA O`zbek

02.08.2018 18:44 Chop etish versiyasi

Zarbdorda o‘zgarishlar nega sust?

Zarbdorda o‘zgarishlar nega sust? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 31 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida ham g‘o‘za parvarishi va takroriy ekinlar ekishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilayotgani jiddiy tanqid qilindi. Ushbu qoloqlik sababini o‘rganish maqsadida tuman qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik.

Jizzax cho‘lini o‘zlashtirishning so‘ngi davrida tashkil etilgan tuman ishlab chiqarishining asosiy qismini paxtachilik va g‘allachilik tashkil etadi. Ammo tuman tashkil etilganidan buyon har ikki tarmoqda aytarli yaxshi natijalarga erishilgan yillar kam bo‘lgan. Xususan, bu yil ham tuman fermerlari davlatga don sotish shartnomasi majburiyatlarini zo‘rg‘a 80 foizga uddaladi, xolos.

Nega endi, mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlar Zarbdorda sezilmayaptimi, degan o‘rinli savol tug‘iladi.

O‘zgarishlar bor. Hatto birmuncha og‘ir soha bo‘lgan qishloq xo‘jaligida ham yaxshi ishlarga misollar ko‘p. Prezidentimiz 2017 yil 2 sentyabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Zarbdor tumanida ham bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishgan, Saydulla Farmonov rahbarlik qilayotgan “Toshkeskan” fermer xo‘jaligi dalasida qishloq xo‘jaligi xodimlari bilan uchrashgan edi.

Fermer meliorativ holati og‘ir hududda g‘alla va paxtadan yuqori hosil yetishtirib kelmoqda. Bu yil ham davlatga don sotish rejasini ortig‘i bilan bajarib, g‘alladan bo‘shagan maydonga poliz ekinlari, kungaboqar va mosh ekdi. 30 gektardan ziyod yerda paxta seravj o‘smoqda.

7 (3).JPG

O‘zgarishlar boshqa sohalarda ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumanda loyiha qiymati 23 million dollarlik “Zarbdor universal logistika markazi” ishga tushirildi. 35 gektar maydonni egallagan logistika markazi tarkibida 7 gektarlik issiqxona, meva-sabzavot saqlashga ixtisoslashgan 8 ming 360 tonna sig‘imli zamonaviy muzlatkich barpo etilmoqda.

Viloyat tumanlaridan birinchi bo‘lib Zarbdorda “Tomorqa xizmati” korxonasi tashkil etilgan. Shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarida 100 dan ziyod o‘rta va kichik loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Ammo amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ko‘lamiga taqqoslaganda asosiy tarmoq hisoblangan qishloq xo‘jaligida ish sustligi ko‘zga tashlanadi.

Tumanda 632 ta fermer xo‘jaligi 12 ming gektar yerda paxta yetishtirayotir. Shartnomaga ko‘ra, gektaridan 24 sentnerdan 28 ming 80 tonna paxta xomashyosi yig‘ishtirib olish mo‘ljallangan.

Tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, paxta maydonlari to‘liq ikkinchi suvdan chiqarilgan, rivojlanish me’yorda borayotir. Rivojlanishdan ortda qolgan paxta maydonlari yo‘q. Ammo, dehqonchilikdan ozroq xabardor bo‘lgan kishi dalani aylansa, qog‘ozdagi ma’lumotlar haqiqiy ahvolga unchalik to‘g‘ri kelmasligini ko‘rishi mumkin. Avvalo, g‘o‘zaga ishlov berish bo‘yicha zarbdor ikki oylik qizg‘in borayotgan shu kunlarda dalada odam kam. Masalan, “Taraqqiyot”, “Yuksalish” va Parda Umrzoqov nomidagi suv iste’molchilari uyushmasi tarkibidagi 10 ga yaqin fermer xo‘jaligi dalasida birorta g‘o‘za oralab yurgan odamni ko‘rmadik.

“Yuksalish” suv iste’molchilari tarkibidagi “Oq bura polvoni” fermer xo‘jaligi dalasi qiyalikda joylashgan. Dala boshidagi g‘o‘za nihollari bilan etagidagi g‘o‘za rivojida farq shundoq ko‘rinib turibdi. Bosh qismidagi g‘o‘za bir tekis, hosil nishonalari ham ko‘zga yaqqol tashlanib turibdi, adog‘ida begona o‘tlar orasida g‘o‘zaning arang ajratib olasiz. Bu holning sababini so‘ray desang, dalada hech kim yo‘q.

10.JPG

O‘rtadagi zaxkash zovurning qarama-qarshi tomonida joylashgan “Yuksalish g‘unchasi” fermer xo‘jaligining 5 gektarga yaqin dalasida g‘o‘za umuman unib chiqmagan joylar ham ancha. Maydon nega bunday olaquroq ekanini izohlab beradigan odam bu yerda ham yo‘liqmadi.

Yana bir taajjublanarli hol – zaxkash zovurdan olinayotgan suv dalaning yuqori qismdagi lotok ariqqa olinib, g‘o‘za sug‘orilayotir. Axir yerdan sizib chiqayotgan sho‘r suv ekin sug‘orishga mutlaqo yaroqsiz-ku?!

Biz bilan suhbatlashgan odamlarning aytishicha, bu yerda zaxkashning sho‘r suvidan foydalanish oddiy hol ekan. Sababi, lotokka kanal suvi kelmay qo‘yganiga ancha vaqt bo‘lgan. Hududdagi 10 dan ziyod fermer xo‘jaligi g‘o‘zani sug‘orishda sho‘r suvdan foydalanar ekan. Hali yuqorida aytganimiz dal

aning baland qismidagi g‘o‘za rivoji bilan quyidagilari orasidagi katta farqning sababi ham shu. Sho‘r suv qiyalikka kamroq ta’sir ko‘rsatgan-u, tekis maydonda to‘planib qolgan. Buni tuproqning yuzini qoplagan oppoq tuz ham ko‘rsatib turibdi. Lotok ariqlarning ham butuni kam. Lotoklarning yamalgan, yamalmagan teshigu yoriqlaridan hosil bo‘lgan ko‘lmaklar ko‘p.

Hududni aylanib birorta tozalangan zaxkash zovurni uchratmadik. Zovurlarning hammasini qamish bosgan, shu bois allaqachon suv tortmay, oqmay qo‘ygan.

Tuman suv xo‘jaligi boshqarmasining ma’lumotida hududdagi 16 kilometr zovur tozalangani qayd etilgan. Ammo hududdagi 1 ming 400 gektar maydonning kuchli, 18 ming gektar yerning o‘rtacha sho‘rlangani bu ishning yetarli emasligini ko‘rsatib turibdi.

– Bu yil g‘alla sotish shartnoma rejasini bajara olmaganimizga suv ta’minotidagi uzilish sabab bo‘ldi, – deydi “Behruz shijoati” fermer xo‘jaligi rahbari Temur Do‘stbekov. – O‘tgan yili oktyabr oyidan joriy yil mart oyigacha suv ololmadik. Axir, kuzda sug‘orilmagan maysaning ko‘pi qishda nobud bo‘lib, hosildorlik pasayib ketadi-ku!? Vaqtimiz va mablag‘imizning ko‘p qismi suvga ketayotir.

Dehqon bilib turib yerni sho‘r suv bilan zaharlamaydi. Ammo hududda ko‘pchilik shunday qilmoqda, bunga suv ta’minotidagi kamchiliklar sabab bo‘layotir. Hududni suv bilan ta’minlayotgan Janubiy Mirzacho‘l kanalining DM-2 tarmog‘idagi nasos stansiyasida bo‘lganimizda fermerlarni sho‘r suvdan foydalanishga nima majbur qilayotgani birmuncha oydinlashdi.

16.JPG

– Nasos stansiyasi sug‘orish tizimi boshqarmasiga qaraydi, – deydi “Oq buloq” suv iste’molchilari uyushmasi raisi Abduazim Sulaymonov. – Suv olish uchun avval boshqarmadan nasosni ishlatib berishni so‘raymiz. Keyin nasosga elektr energiyasi so‘rab, elektr tarmoqlari idorasiga iltimos qilamiz. Ikkisi ham rozi bo‘lgach, Janubiy Mirzacho‘l kanali boshqarmasidan kanalga suv tashlashni so‘raymiz. Ana shu uch tashkilotdan bittasi biror bahona bilan ishni paysalga solsa, suv kelmaydi. Bunday hol tez-tez bo‘lib turishi tufayli fermerning ishi orqaga ketayotir. Ba’zi fermerlarning oqibatini bila turib sho‘r suvdan foydalanayotgani sababi shunda. Aslida yerimiz yaxshi, fermerlarimiz mehnatkash, davlat berayotgan imkoniyatlardan, yaratayotgan qulayliklardan bahramandmiz.

Aynan shu muammo g‘o‘za parvarishidagi qoloqlik bilan birga, takroriy ekin ekishning kechikishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Tumanda jami 13 ming 831 gektar maydonga takroriy ekin sifatida sabzavot, kartoshka, poliz, moyli, dukkakli va boshqa ekinlar ekish rejalashtirilgan. Qishloq xo‘jaligi boshqarmasining ma’lumoti bo‘yicha bu ish 12 ming gektardan ziyodroq maydonda amalga oshirilgan. Bu ishda ham suv ta’minotining barqaror emasligi xalaqit berayotir.

– 1000 gektar yerga ikkinchi ekin ekish imkoniyatimiz bor, – deydi “Tomorqa xizmati” korxonasi ish boshqaruvchisi Bahrom Joniqulov. – Biroq urug‘, yoqilg‘i, texnika, zarur bo‘nak mablag‘i bilan ta’minlashni zimmamizga olsak-da, fermerlar ham, aholi ham suv ta’minotiga ishonchsizlik tufayli biz bilan shartnoma tuzmayapti.

Bularni qog‘ozga tushirishdan maqsad dalada mehnat qilayotgan fermerning kamchiligini ko‘rsatish, uni tanqid qilish emas, aslo. Faqat bu ishda fermerga ko‘makchi bo‘lishga, unga xizmat ko‘rsatishga mutasaddi bo‘lganlar, hudud ishonib topshirilgan mas’ullar, jumladan, suv xo‘jaligi, irrigatsiya, melioratsiya korxonalari ham bu borada jon kuydirsalar, dehqonning shundoq ham mashaqqatli mehnatiga qayishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, demoqchimiz, xolos.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA
4 697