Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.11.2017 10:32 Chop etish versiyasi

Zarafshon archasiga kim bolta urdi?

Qashqadaryo viloyati Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspeksiyasi xodimlari tomonidan Qamashi tumani Qo‘shko‘l qishlog‘i hududida reyd o‘tkazildi.

Reyd davomida shu qishloqda yashovchi Abdumurod Ibatov 54 tup noyob Zarafshon archasini o‘zboshimchalik bilan, hech qanday ruxsatsiz kesib, qurilayotgan xususiy savdo do‘koni omborxonasi tomini yopishga ishlatgani aniqlandi.

“Qashqadaryo tijorat-savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mudir lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Abdumurod Ibatov bu bilan o‘simlik dunyosiga 68 million so‘mlik zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida A.Ibatov o‘z aybiga iqror bo‘lmasdan ustunlar eski edi, ularning 32 tasini bir necha yil ilgari qishloqdoshim E.Xushvaqtovning molxonasi buzilgan paytda chiqqan yog‘ochlar orasidan olganman, deb turib oldi.

Biroq hech qanday bahona-yu, vajlarga o‘rin qolmadi – ekspertlar noyob archa daraxti yangi kesilganini qayd etishdi. O‘zboshimcha do‘kondorning aybi to‘plangan boshqa bir qator dalillar orqali ham o‘z isbotini topdi.

Sud hukmi bilan A.Ibatovga ikki yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Amnistiya sabab, u tayinlangan jazodan ozod etildi. Biroq, archalar kesilishi oqibatida yetkazilgan zarar ayblanuvchidan hududiy Bioinspeksiya hisobiga undiriladigan bo‘ldi.

997






Все о погоде - Pogoda.uz