O‘zA O`zbek

07.02.2018 18:24 Chop etish versiyasi

Zangiota tarbiya koloniyasidagi o‘smirning iqrori: Kech bo‘lsa ham ozodlikning qadrini angladim

Toshkent viloyatidagi Zangiota tarbiya koloniyasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda kelgusida jamiyatimizga nafi tegadigan inson bo‘lishiga yordam berish lozimligi alohida qayd etildi. Rassom va hunarmandlar tomonidan muassasa tarbiyalanuvchilariga tasviriy san’at, kulolchilik, naqqoshlik va xattotlik kabi ko‘plab yo‘nalishlarda amaliy darslar o‘tkazildi. O‘z navbatida, yoshlar ham ijodiy ishlarini mutaxassislarga namoyish etib, ulardan zarur tavsiya va maslahatlar oldi.

Farg‘onalik Jahongir Mullajonov ham vaqtida ota-onasi, ustozlari gapiga kirmay, bolalik sho‘xliklariga yo‘yib, o‘ylamay qilgan jinoyatiga yarasha jazosini oldi. Endilikda qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarmoqda. Muassasada o‘tkazilayotgan "Iste’dod", "Bilimlar bellashuvi" va "Jaholatga qarshi ma’rifat" singari turli tadbirlarda faol qatnashib, kasb-hunar o‘rganmoqda. U bo‘sh vaqtida turli suratlar chizish bilan shug‘ullanadi.

– Kech bo‘lsa ham ozodlikning qadrini angladim, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanish kerakligini tushundim, – deydi muassasa tarbiyalanuvchisi J.Mullajonov. – Afsus, ota-onamning nasihatlaridan vaqtida to‘g‘ri xulosa chiqarmadim. Bekorchilarga qo‘shilib, o‘zim bilmagan holda jinoyat ko‘chasiga kirib qoldim. Bolaligimda otamdan kosiblikni o‘rgangan bo‘lsam ham bugun ularning yonida halol mehnat qilib, hunarini davom ettirolmaganimdan juda afsuslanayapman. Qilmishimdan juda pushaymonman. Endi hayotimni to‘g‘ri yo‘lga solaman, ishlayman, oilamga naf keltiraman.

Tarbiya koloniyasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylar mehnati tufayli 2017-yilda Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi tomonidan o‘ylamay qilgan jinoyati qanday og‘ir oqibatlarga olib kelganini tushungan 11 nafar muassasa tarbiyalanuvchisining jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqildi. Bu yerdagi dars va turli tadbirlarda faol qatnashgan, namunali xulqi bilan boshqalarga ibrat bo‘lgan bu yoshlar afv etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston madaniyat va san’at ko‘rgazmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Respublika yosh ijodkorlar kengashi xodimlari, xalq amaliy san’ati ustalari, shoir-yozuvchilar, rassomlar, usta-hunarmandlar ishtirok etdi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
8 625