O‘zA O`zbek

01.06.2018 16:39 Chop etish versiyasi

Zamonaviy yondashuv va yangi rejalar

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari akademiyasida “Zamonaviy sharoitlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ustuvor masalalari” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida islohotlarimiz va xalqimizga munosib avlod bo‘lishdek ezgu fazilatlarni uyg‘otishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Pirovardida jamiyatda o‘z o‘rniga ega, har tomonlama sog‘lom avlodlar kamol topmoqda. Bu borada esa mamlakatimizda harbiy soha islohotlari, yoshlarni kasbiy yo‘naltirish, ular bandligini ta’minlash, tashabbus va kreativ g‘oyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yaxshi samara bermoqda.

– Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy malaka va jangovar mahoratini oshirish, ularning dunyoqarashi va tafakkurini yanada takomillashtirish shaxsiy tarkibni o‘qitish va tarbiyalashning eng muhim vazifasi hisoblanadi, – deydi Mudofaa vazirligining harbiy-vatanparvarlik, madaniy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Husan Botirov.

Tadbirda harbiy xizmatchilarning professional salohiyatini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy, jangovar tayyorgarlik, matonat va fidoyilik, mardlik xislatlarini shakllantirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi professor-o‘qituvchilari hayotini harbiy sohaga, Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashga bag‘ishlagan bo‘lajak harbiylar bilan samimiy suhbat qildi.

Fayyoz Achilov, O‘zA
2 984