O‘zA O`zbek

31.08.2018 16:22 Chop etish versiyasi

Zamonaviy xususiy klinika ish boshladi

Zamonaviy xususiy klinika ish boshladi
Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida Buxoro shahrida “City Med Bukhara” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz faoliyatini boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash sohasida bozor iqtisodiyoti munosabatlarini tatbiq etish asosida nodavlat davolash muassasalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Masalan, qabul qilingan tegishli hujjatga muvofiq, stomatologiya va kosmetologiyadan tashqari barcha yoʻnalishlaridagi xususiy sektor tashkilotlari 2022 yil 1 yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar toʻlashdan, shuningdek, olib kelinadigan yangi tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, ularning ehtiyot qismlari va zarur materiallar uchun bojxona toʻlovlaridan ozod etildi. Bu “City Med Bukhara” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy klinika tashkil etishda katta imkoniyat boʻldi.

Prezidentimizning 2017-yil 29-dekabrdagi “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida”gi qarori mana shunday zamonaviy xususiy klinikalar soni ortishiga xizmat qilmoqda.

Ushbu obyekt qurilishiga tijorat banki tomonidan ajratilgan 5 milliard soʻm miqdoridagi kredit va loyiha tashabbuskorining 8 milliard soʻmlik mablagʻi sarflandi.

Uch qavatli, 66 qatnovga moʻljallangan klinikada yurak-qon tomir, bosh miya, revmatologik, ichki kasalliklar va boshqa xastaliklarni aniqlash, sifatli tashxis qoʻyish, davolash uchun barcha zamonaviy moddiy-texnik imkoniyatlar yetarli.

– Shifoxonamizdagi vrachlarning barchasi oliy toifali mutaxassislar, – deydi klinika bosh shifokori Fotima Ochilova. – Koʻpchiligi xorijiy davolash muassasalarida malaka oshirgan. Zamonaviy tibbiy texnika va apparatlarda tegishli muolaja va operatsiyalarni amalga oshirishda yetarli tajribaga ega. Istiqbolda chet ellik tajribali hamkasblar bilan hamkorlik qilishni yoʻlga qoʻyamiz. Bu esa sohaning eng zamonaviy texnologiya va usullarini qoʻllash orqali davolash sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Klinikaning ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev soʻzga chiqdi.

E.Yodgorov, T.Istatov (surat), OʻzA
1 172