Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 18:08 Chop etish versiyasi

Zamonaviy uy-joylar qurilishi jadal davom ettirilmoqda

Milliy matbuot markazida “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurishda erishilgan natijalar va bu boradagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki raisi o‘rinbosari A.Murodov 2009-2016-yillarda mamlakatimizda uy-joy, ijtimoiy va kommunal obyektlarni barpo etish borasida aniq va maqsadli ishlar bajarilgani bois qishloqlardagi 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilanganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi keng ko‘lamli islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Unga ko‘ra, joriy yilda 15 ming uy-joy qurilishi kutilmoqda. Shu bois qishloq aholisining zamonaviy va arzon uylarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib imtiyozli kredit berishning yuqori darajadagi shartlari joriy etildi. Shuningdek, energiyani tejaydigan materiallar va asbob-uskunalarning yangi turlaridan foydalanilayotgani barpo etilayotgan uylarning tannarxi pasayishiga va aholining barcha qatlamlari uchun maqbul narxlar belgilanishiga xizmat qilmoqda.

– 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturini moliyalashtirishga joriy yilda 2 trillion 121,5 milliard so‘m yo‘naltiriladi, – deydi bankning boshqarma boshlig‘i Dilshod Hasanov. – Shu maqsadda hozir “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasiga 544,2 milliard so‘mlik mablag‘ o‘tkazildi. Bundan tashqari, Buxoro va Namangan viloyatlarida 2 ming 242 ta uy-joy qurilishiga Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 40 million dollar jalb qilindi.

Anjumanda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish jarayoni haqida ma’lumotlar berildi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
1 315






Все о погоде - Pogoda.uz