O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Zamonaviy texnikalar ish unumdorligiga xizmat qiladi

Zamonaviy texnikalar ish unumdorligiga xizmat qiladi

Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Shimoliy kon boshqarmasida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shimoliy kon boshqarmasida 920 ta tog‘-kon mashina va mexanizmlari, 80 tonnadan 220 tonnagacha yuk ko‘tara olish quvvatiga ega transport vositalari xizmat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, korxona texnika parkidagi eng zamonaviy texnika va texnologiyalar, tejamkor va qulay avtoulovlar kon ishlarida foydalanish uchun juda qulay.

E’tiborli jihati, joriy yilning shu kuniga qadar Shimoliy kon boshqarmasiga eski texnikalarni yangilash loyihasi asosida tog‘-kon jinslarini qazib olishda ko‘maklashuvchi 41 ta tog‘-kon mexanizmlari va yordamchi texnikalar olib kelindi. Yaqinda 1-avtokorxonaga 16 va 32 tonnalik “MAN” rusumli avtokranlar keltirildi.

– Shuni faxr bilan aytish joizki, joriy yilda boshqarmaga qarashli 1-avtokorxonaga 2,3 million dollarlik Texnik qayta jihozlash rejasi asosida yangilangan modeldagi “Isuzu”, “MAN”, “MAZ” va boshqa rusumdagi 32 turdagi avtotransport vositalari sotib olindi, – deydi Shimoliy kon boshqarmasi Transport bo‘limi muhandisi Suxrob Raximov. – Undan tashqari, 19 ta “Isuzu” rusumdagi avtobuslar bilan ham ta’minlandi. Shuningdek, Avtomobil transporti boshqarmasiga ham 11 ta 90 tonnali, 2 ta 55 tonnali “BelAZ” rusumli avtosamosvallar sotib olindi. Yana 2 ta “Komatsu” rusumli, 2 ta “K-702“ rusumli buldozerlar xarid qilinadi. Keyingi yilda bu ko‘rsatkich ikki baravarga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shimoliy kon boshqarmasi jamoasining zafarli odimlarida malakali transport xodimlarining ham munosib hissasi bor. “Ustoz-shogird” an’anasi asosida malakali mutaxassislar yosh shogirdlarini tajribali hamda o‘z ishining ustasi bo‘lish darajasida tarbiyalamoqda.

1 337
Nuriddin RAHIMOV, O‘zA