O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

Zamonaviy harbiy texnikalar obod hayotimiz uchun xizmat qiladi

Zamonaviy harbiy texnikalar obod hayotimiz uchun xizmat qiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlarining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlariga zamonaviy harbiy texnika va tungi koʻrish moslamalari tantanali topshirildi.

Marosimda polkovnik A.Xoʻjamberdiyev, podpolkovnik X. Mahmudov, shartnoma asosida xizmat qilayotgan kichik serjant A.Sulaymanov va boshqalar Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtgan yili qabul qilingan Mudofaa doktrinasi chegaralarimiz daxlsizligi, Vatanimiz tinchligi va yurtimiz obodligini taminlashda muhim omil boʻlayotganini alohida taʼkidladi.

Shunga muvofiq mamlakatimizda mustaqil mudofaa-sanoat majmuasi yaratildi. Qurolli Kuchlarimizning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, harbiy tuzilmalarni zamonaviy texnika, qurol-aslaha bilan taʼminlashga etibor kuchaytirildi. Kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilandi. Joylarda harbiy-maʼmuriy sektorlar joriy etilgani harbiy xizmatchilarning ijtimoiy masalalarini hal etishga ham koʻmaklashmoqda. Harbiy tuzilmalarda yuz berayotgan bunday oʻzgarish va yangilanishlar Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligi hamda tayyorgarlik darajasini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtardi.

Tantanali marosimda chegarachilarga zamonaviy texnikalarning kalitlari hamda tungi koʻrish moslamalari tantanali topshirildi.

– Zamonaviy kvadratsikllarning chegaralarni nazorat qilishda alohida oʻrni bor, – deydi shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar N. Qurbonov. – Qumloq yerlarda harakatlanish va tepaliklarga koʻtarilishda juda qulay boʻlgan zamonaviy bu texnikalar xizmat vazifamizni sifatli bajarishga yaqindan koʻmaklashadi. Yaratilayotgan bunday sharoitlar biz, chegarachilarning Vatanimiz, xalqimiz oldidagi sharafli burchimizni sidqidildan ado etishimiz va sarhadlarimiz daxlsizligi, yurtimiz osudaligini taʼminlashimizda muhim oʻrin tutadi. Xizmatimiz samaradorligini yanada oshiradi.

Tadbir yakunida zamonaviy texnikalar musiqa sadolari bilan harbiy qismlarga kuzatildi.

527
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA