O‘zA O`zbek

11.08.2018 10:52 Chop etish versiyasi

Zamonaviy agrokompleks o‘zini oqlaydimi?

Zamonaviy agrokompleks o‘zini oqlaydimi?
Buxoro viloyati Romitan tumanidagi zamonaviy agrokompleks mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan klasterning 8 ta loyihasidan biridir.

Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi “Buxoro viloyatida zamonaviy paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq viloyat markazida “BUKHARA COTTON TEXTILE CLUSTER” xorijiy korxonasi tashkil etilgan edi. Romitan tumanida esa mazkur subyekt tarkibiga kiruvchi “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat boshladi. 

Klaster biz uchun nisbatan yangi ibora. Uni mahsulotni yetishtirishdan boshlab to dastlabki va chuqur qayta ishlashni o‘z ichiga olgan jarayonlardan iborat yagona zanjirga mengzash o‘rinli.

Ushbu tizimning quyi bosqichida dehqon turadi. Tan olish kerak, hozirda paxtani yetishtiruvchi bilan uni qayta ishlovchi o‘rtasida manfaatlar uyg‘unligi unchalik yaxshi emas. Bu esa dehqonning pirovard mehnat natijasidan tom ma’noda bahramandligini cheklaydi. Klaster tizimi bu boradagi nomuvofiqlikni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Romitandagi mas’uliyati cheklangan jamiyati 8 ming gektar ekin maydonlarini tasarruf etadi. Ushbu maydonlarning 7 ming 450 gektariga faqat paxta hosili yetishtiriladi.

– Ta’kidlash kerak, – deydi “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Matlub No‘monov, ta’sischimiz bo‘lgan xorijiy korxona bizga yerlarni qishda sho‘rini yuvish, ularni bahorda ekishga tayyorlash, g‘o‘zani parvarish qilish bilan bog‘liq tadbirlarni agrotexnik muddatlarda amalga oshirish uchun moddiy-texnik jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Xususan, o‘tgan davrda xorijdan 20 haydov, 122 “MTZ” chopiq traktorlari, yuk tashuvchi 42 “MTZ” traktori, haydov texnikasiga tirkaladigan 25 omoch, 8 “Keys-1200” ekishgichi, 122 kultivator va boshqa texnikalar yetkazib berildi. Hozirda MCHJning qishloq xo‘jalik texnikalariga xizmat ko‘rsatish parki binosi qurilayotir.

Bugun mas’uliyati cheklangan jamiyati dalalarida ish qanday bormoqda? Murakkab kelgan ob-havo qiyinchiliklari qanday bartaraf etilayotir? Bu savolga o‘tgan yili “Bog‘iturkon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida fermerlik qilgan, hozirda klaster tizimida menejer-hosilot vazifasida ishlayotgan Farmon Barnoyev shunday javob berdi.

– Avvalo vaqtim ziqroq, – deydi menejer-hosilot. – Ko‘rib turibsiz, qo‘limda ishga kirish uchun murojaat qilgan to‘rt kishining mehnat daftarchasi. Ularni rasmiylashtirish uchun kelgan edim. Sizga aytsam, xodimlarimiz soni ko‘payib bormoqda. Nega desangiz, yaxshigina ish haqi to‘lanmoqda. Suvchilar va mexanizatorlar oyiga 1 million 500 ming so‘mdan ziyodroq maosh oladi. Oddiy ayol xodimlarimiz plastik kartochkasiga oyiga o‘rtacha 1 million 200 ming so‘mdan o‘tkazib berilmoqda. Fermer bo‘lib ishlagan chog‘imda ishchilarim bunaqa ish haqini xayollariga ham keltira olmagan. O‘z vaqtida yaxshi maosh olgan dehqon vijdonan, astoydil mehnat qiladi-da. Yana nimani aytsam? Qator oralariga ishlovlar berishda gektariga jami 1 tonna mineral o‘g‘it kiritdik. Chuqur kultivatsiya qilingan, me’yorida sug‘orilgan g‘o‘zalarimiz garmselga chidadi. Lekin muammolar ham yo‘q emas. Bahor chog‘lari namgarchilik kamligi sabab ayrim maydonlarimizda chigit bir tekis unib chiqmadi, tuplar soni mo‘ljalga yarasha bo‘lmadi. Ammo qo‘l qovushtirib o‘tirmadik. Parvarishni muxbirchasiga aytganda, obi tobida olib borayotganimiz tufayli g‘o‘zalarimiz serhosil o‘smoqda. Har qaysisida o‘rtacha 10-12 tadan ko‘sak bor. Yana tugadiganlarni hisobga olsak, tuplar soni hisobidan yo‘qotganlarimizni bemalol qoplaymiz. 

Umuman olganda, bugun MCHJdagi 78 ta uchastka dalalarida mehnat qizg‘in. 2700 dan ziyod dehqonlarni birlashtirgan jamoa joriy yilda 28 ming tonna paxta yig‘ishtirishni rejalashtirgan. Yig‘im-terimda ishtirok etgan xodimlarga fermer xo‘jaliklaridagiga nisbatan ancha ko‘proq haq to‘lanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu ham muhim rag‘bat.

Yig‘im-terimga bir oycha vaqt bor. Lekin bosh korxona – “BUKHARA COTTON TEXTILE CLUSTER” esa hosilni o‘zida qayta ishlashga puxta tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan. Aytgancha, Romitandagi paxta tozalash zavodi sotib olish sharti bilan uning tasarrufiga berildi. Ha, hosilni yetishtiruvchi endi tolaga ham ega bo‘ladi. Bu xom ashyo xorijiy korxonaning Buxoro shahridagi tayyor to‘qimachilik va tikuv mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasiga jo‘natiladi.

Bundan tashqari, paxta tozalash zavodi yonida chigitni qayta ishlovchi yog‘-moy korxonasi ham qurilmoqda. Xullas, “qo‘ynidan to‘kilgani qo‘njiga tushadi”. Pirovard natijadan, yakuniy hisob- kitoblardan so‘ng ko‘rilgan foydadan esa qayta ishlovchilar bilan birga hosil yetishtiruvchilar ham bahramand bo‘lishadi.

Shu yerda maqolaga nuqta qo‘ymoqchi edik. Lekin bir narsani ta’kidlamasak bo‘lmas. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, MCHJda 8 ming gektar maydonning 7 ming 450 gektariga g‘o‘za yetishtirilayotgani qayd etgan edik. Qolgan 550 gektarida-chi? Uning asosiy qismida beda ekilgan. Bu ikki jihatdan muhim. Birinchidan, beda ekilgan maydonlarda to‘rt yildan so‘ng chigit undiriladi. Almashlab ekish, tuproq strukturasini yaxshilashga, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, “BUKHARA COTTON TEXTILE CLUSTER” xorijiy korxonasi tomonidan MCHJ hududida 12 ming boshdan ziyod naslli qoramol boqiladigan katta chorvachilik majmuasi qurilishi hademay boshlab yuboriladi. Bu yerda go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash rejalashtirilgan. Qoramol chiqindilari, ya’ni go‘ngi ham qayta ishlanib, undan biogaz va biogumus olinadi. Birinchisi chorvachilik majmuasi yonida quriladigan issiqxonada qishda bodring va pomidor ekinlarini zarur harorat bilan ta’minlashda koni foyda. Ikkinchisi esa qishloq xo‘jalik ekinlarini oziqlantirishda tengi yo‘q o‘g‘it hisoblanadi.

Odatda yangilik joriy etilganda, ko‘pchilik yakuniy natijalarga qarab baho beradi. Lekin Romitanda amal qila boshlagan klaster tizimidagi agrokompleksning dastlabki bir yillik tajribasi bu ishning kelajagi kattaligiga ishonch uyg‘otadi. 

“BUKHARA COTTON TEXTILE CLUSTER” xorijiy korxonasi klaster tizimidagi 8 ta loyihani amalga oshirishga jami 123,1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritadi.

Erkin YODGOROV, O‘zA
3 270