O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Zamon bilan hamnafas nashr


Viloyat gazetalari 

O‘zbek matbuotining tarixi xalq hayotida kechayotgan qashshoqlikning oldini olish, jaholat botqog‘ida yashayotgan xalqqa madad qo‘lini cho‘zishni o‘ziga maqsad qilgan jadidchilik harakati bilan bog‘liq.

Jadidlar xalqni har tomonlama ayanchli ahvoldan xalos etishning birdan-bir yo‘lini ilm-ma’rifatda ko‘rdilar. Qo‘llarida na davlat boshqaruvi, na mablag‘ bo‘lgan jadidlar o‘zlarida bo‘lgan yagona imkoniyat – bor bilimlari, fidokorliklaridan g‘oyat samarali foydalanib, ma’rifiy inqilob yo‘li bilan xalqni moddiy farovonlik va boylik sari yetaklashga urindilar. Bu g‘oyalarni xalqqa yetkazish yo‘lida ularning o‘z matbuoti shakllandi. Jadidlar «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat», «Osiyo», «Tujjor», «Sadoyi Turkiston», «Najot», «Kengash», «Turon», «Ulug‘ Turkiston», «Sho‘roi Islom», «Turk so‘zi», «Turk eli» kabi gazetalarni nashr qilganlar.

Yurtimiz matbuotining “mo‘ysafid” nashrlaridan biri – Samarqand viloyati nashri «Zarafshon» gazetasi ham jadid ma’rifatparvarlari mehnati mahsuli sifatida o‘zining bir asrlik tarixiga ega. «Zarafshon» ilk bor 1913 yil aprel oyida Mahmudxo‘ja Behbudiy muharrirligida "Samarqand” nomi bilan nashr etilgan. Gazeta 1917 yil 16 apreldan "Hurriyat”, 1918 yil 11 iyundan boshlab "Mehnatkashlar o‘qi”, bir necha oydan so‘ng "Mehnatkashlar tovushi”, 1921 yildan “Kambag‘allar tovushi” nomlarida chop etilgan. 1922 yil oktabr oyiga kelib gazeta "Zarafshon” nomi bilan chiqadi. Nomi o‘zgargan gazetaning birinchi soni katta formatda, 6 sahifada (bir sahifasi rus tilida), 1500 nusxada chop etiladi. Gazetadagi e’londa ushbu nashr "Samarqand”, "Hurriyat”, "Mehnatkashlar tovushi”ning davomchisi ekani ta’kidlangan.

1928 yil noyabr oyida Toshkentda chop etilayotgan "Qizil O‘zbekiston” gazetasi tahririyati Samarqandga ko‘chirilgach, "Zarafshon” faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi. 1930 yil 7 noyabrda gazeta "Lenin yo‘li” nomi bilan yana chop etila boshlanadi. 1931 yildan e’tiboran kundalik nashrga aylanadi.

1991 yildan gazeta o‘zining eski – "Zarafshon” nomi bilan chiqa boshlaydi. 2011 yil dekabrda "Zarafshon” va "Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati tashkil etildi.

O‘tgan yillar davomida gazeta mamlakatimiz matbuotida o‘z o‘rniga ega zabardast nashrlardan biriga aylandi, haqiqiy solnoma darajasiga chiqdi. Gazetaga Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Akobir Shomansurov, Said Rizo Alizoda, Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li, G‘ozi Yunus, Ali Ismoilzoda, Ma’ruf Rasuliy, Abdulhamid Majidiy, Rahim Shokirbekov, Rahmat Majidiy kabi buyuk ma’rifatparvarlar bilan bir qatorda o‘z davrining ilg‘or ziyolilari Rustam Abdurahmonov, Zaki Sattorov, Obid Hamidov, Habibullo Temirov, Hamro Rizqulov, Sharof Rashidov, Vali Xo‘jaev, To‘lqin Rustamov, Orziqul Naimov, Lutfulla Hamroev, Nuriddin Shukurov, Ahmadjon Muxtorov, Mardi Nuriddinovlar muharrirlik qilgan. Yillar davomida ulkan tajriba orttirgan gazeta Samarqand viloyatidagi ko‘plab yozuvchi-shoirlar uchun haqiqiy ijod maktabiga aylandi, talay ijodkorlar uning bag‘rida o‘sib, katta adabiyotga yo‘llanma oldi.

Bugungi kunda "Zarafshon” gazetasi tahririyatida qirqqa yaqin xodim faoliyat yuritmoqda. Bosh muharrir – O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyati bo‘limi rahbari, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Farmon Toshev. Gazeta sahifalarida siyosat, iqtisodiy islohotlar va qishloq xo‘jaligi, ta’lim va madaniyat, axborot va sport, xotin-qizlar va yoshlar hayoti, xatlar va ijtimoiy tadqiqotlar, shahar hayoti va kommunal xo‘jalik, ijtimoiy islohotlar va salomatlik mavzularida materiallar muntazam berib borilmoqda.

Gazetxonlar bilan tahririyat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash hamda gazeta sahifalarida mushtariylar fikr-mulohazasi, ularning ijtimoiy hayotga munosabatini kengroq yoritib borish maqsadida "Mushtariy fikri”, "Vijdonning bugungi so‘rog‘i”, "Kim qiladi-ya shuginani-ya!”, "Bir mavzuda ikki fikr”, "Xat tahrirsiz bosilmoqda”, "Xatlardan satrlar”, "Ishonch telefoni”ga aytishlaricha...” kabi ruknlar tashkil etilgan. Ayni paytda tahririyatda Adham Hayitov, Gulruh Mo‘minova, Akram Haydarov, G‘olib Hasanov kabi davlat mukofotlari sovrindorlari, respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari bo‘lgan yetuk jurnalistlar mehnat qilayotir.

2018 yilda tahririyatning Zarnews.uz sayti mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi va saytga har kuni 30-40 ta xabar va maqola joylashtirib borilmoqda. Mazkur sayt Samarqanddagi eng ommabop tarmoqlardan sanaladi. Bundan tashqari, tahririyat ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z a’zolariga ega.

«Zarafshon» gazetasi tahririyati jamoasi 2005 yili «Eng ulug‘, eng aziz!» respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. 2013 yili «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati jurnalistika sohasida «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun sakkizinchi xalqaro tanlovda ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

2018 yilning ikkinchi yarmi va 2019 yil boshlari O‘zbekistondagi gazetalar uchun haqiqiy sinov davri bo‘ldi. “Yuqori"dan tashkil qilib beriladigan majburiy obunaga chek qo‘yilgani, aholining aksariyat qismi internet nashrlarini tanlayotgani va yana ko‘plab sabablar tufayli aksariyat nashrlar iqtisodiy tanazzulga uchradi.

Shunga qaramay “Zarafshon” o‘z obunachilarini yo‘qotgani yo‘q. Buning asosiy sabablaridan biri – o‘quvchi qiziqishini ushlab turadigan sifatli materiallarga alohida e’tibor qaratilgani bo‘lsa, yana biri – jurnalistikaning barcha imkoniyatlaridan oqilona foydalanishdir. Izlanishdan tolmaydigan tahririyat jamoasi bir qancha xayrli loyihalarni ham amalga oshirib kelmoqda. 2006 yildan buyon gazeta tahririyati qoshida «Jurnalistik mahorat maktabi» faoliyat yuritmoqda. Har yili 20 nafarga yaqin yosh jurnalist mazkur maktabda jurnalistika bo‘yicha boshlang‘ich saboq olmoqda. Ayni paytda maktab tinglovchilari yurtimizdagi ko‘plab ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritmoqda.

Tahririyat tashabbusi bilan 2012 yilda “Samarqand matbuoti tarixi” muzeyiga asos solindi. Bu yerda nafaqat Samarqand viloyati, balki Zarafshon vohasi matbuoti tarixi va bugungi kuniga oid ko‘plab ma’lumotlar saqlanmoqda. 2008 yilda O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi moddiy ko‘magida qariyb yuz yillik tarixga ega bo‘lgan "Zarafshon” gazetasining ensiklopediyasi yaratildi.

Mustaqillik yillarida gazeta tahririyatining yana bir e’tiborga loyiq yirik loyihasi – “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumiga asos solindi. Iqtisodiy imkoniyat cheklangani bois, bu loyiha bir muddat to‘xtab qoldi. 2010 yildan yana yo‘lga qo‘yilib, tahririyat xodimi Tog‘aymurod Shomurodovning “Xotinidan qo‘rqmaydigan odam” nomli kitobi chop etildi.

2011 yilda Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi munosabati bilan samarqandlik ijodkorlarning ikki jildlik «Yurtni sevmoq saodati» bayozi hamda «Zarafshon mavjlari» almanaxi, 2013 yilda Vatanimiz mustaqilligining 22 yilligiga bag‘ishlab gazeta xodimlarining eng sara materiallari to‘plangan «Biz «Zarafshon»danmiz», 2015 yilda «Mulohazadan mushohadaga» kitoblari chop etildi. Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab samarqandlik shoirlarning «Benazirsan, O‘zbekistonim!» nomli to‘plami tayyorlandi.

“Keksalarni e’zozlash yili” munosabati bilan 2015 yilda samarqandlik ellikdan ortiq keksa ijodkorning she’r va hikoyalari, drama va maqolalari jamlangan «Ijod – ko‘ngil taskini» kitobi, narpaylik mashhur baxshi Islom shoir Nazar o‘g‘li haqidagi xotira va esselardan iborat «Islom shoir» risolasi nashr etildi.

2016 yilda yosh ijodkorlar I.Po‘latovning “Yigitning ori bo‘lsin”, M.Xudoyqulovaning “Hayot ranglari” kitoblari, 2017 yilda Said Rizo Alizoda tavalludining 130 yilligi munosabati bilan “Muallim ila muharrir millatning ikki qo‘lidir” kitobi, tarixchi olim K.Kattaevning “Mahdumi A’zam tarixi va mukammal Dahbediylar tariqati” kitobi, 2018 yilda mehnat faxriysi Nafas Do‘sanovning “Izhor”, faxriy jurnalist G‘ayrat Boboqulovning “Qiy-chuv mahallasidagi shov-shuvlar” kitoblari chop etildi.

2019 yilda havaskor ijodkor Zulfiya Danaevaning “Nurga talpingum”, tarjimon Ravshan Mansurovning “Bexshtayn ertaklari”, Muhammad Sayfiyning “Orzuli, armonli dunyo”,“Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi” kitoblari nashr etildi. Umuman, hozirga qadar “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumida 30 ga yaqin kitob dunyo yuzini ko‘rdi.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da «gazeta» so‘ziga quyidagicha ta’rif berilgan: «Gazeta – hayotning turli sohalariga oid voqea-hodisalarni yoritadigan, shuningdek, siyosiy-ijtimoiy va ilmiy-ommabop maqolalar bosiladigan vaqtli nashr». Haqiqatan ham insoniyat hayotining ajralmas qismiga aylangan gazetaning vazifasi jamiyatning axborotga bo‘lgan ehtiyojini, ma’naviy intellektual talablarini qondirishdan iborat. “Zarafshon” gazetasi esa ushbu talablarni to‘laqonli uddalamoqda, zamon bilan hamnafas yashamoqda. Yillar davomida gazetaning mavqei, nufuzi, o‘quvchilari soni ortgan bo‘lsa ortdiki, aslo kamaygani yo‘q. Gazeta jadid bobolarimiz boshlab bergan xayrli ishni – ziyo tarqatish ishini dadil davom ettirmoqda, bu yo‘lda ildam qadam tashlamoqda. 

8 804
Gulshod AZIMOVA, O‘zA