O‘zA O`zbek

14.09.2020 Chop etish versiyasi

«Zahiriddin Muhammad Bobur” maxsus stipendiyasi va koʻkrak nishoni taʼsis etildi

«Zahiriddin Muhammad Bobur” maxsus stipendiyasi va koʻkrak nishoni taʼsis etildi

Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutida “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomidagi maxsus stipendiya hamda koʻkrak nishoni joriy etilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyrugʻi imzolandi.

– Ushbu xabarni eshitib, quvondim, - deydi Bobur Xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov. – Bu bilan mamlakatimiz davlatchiligi tarixidagi yetuk siyosatchi, davlat arbobi, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyati yana-da keng targʻib etiladi, eng asosiysi, ushbu nishon va stipendiya yoshlarimizni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurt uchun fidoyi, bilimdon boʻlishga, ularning qalbida tariximizga, ulugʻ ajdodlarimizga boʻlgan hurmat va ehtirom tuygʻularini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ushbu maxsus stipendiya va nishon bilan Z.M.Boburning hayoti va ijodini oʻrganish, faoliyatini yoritish, ilmiy tadqiq qilish va targʻib etish yoʻnalishida izlanish olib borayotgan, adabiyot va kitobxonlikni keng targʻib qilish yoʻnalishida alohida faollik koʻrsatayotgan, turli konferensiya va tanlovlarda qatnashgan, mualliflik asosida nashr etilgan ishlari (asarlari) mavjudligi mezonlarga asosan har yili 20-mayga qadar institutda tahsil olayotgan 1-3 bosqich kursantlari ragʻbatlantiriladi.

“Zahiriddin Muhammad Bobur” nomidagi koʻkrak nishoni nikel hamda tilla qoplangan mis qotishmasidan tayyorlangan boʻlib, sakkiz qirrali tilla rangli yulduz shakliga ega.

10 885
F. UBAYDULLAYEV, OʻzA