O‘zA O`zbek

15.11.2019 Chop etish versiyasi

Za’faron – ko‘zni ravshan, yurakni kuchli qiladi

Za’faron – ko‘zni ravshan, yurakni kuchli qiladi
Za’faron (shafran) dunyoning ko‘p mamlakatlarida tijoriy maqsadda katta maydonlarga ekib parvarishlanadi.So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham za’faron yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Za’faron o‘simligi xomashyosining tibbiyot va oziq – ovqat sanoatidagi ahamiyati juda katta. Shafran gulchanglaridan turli hil mahsulotlarga rang, hid va ta’m beruvchi ziravor sifatida foydalaniladi. Bu o‘simlik xom-ashyosi qadimdan dorivor sifatida xalq tabobatida ishlatiladi.

Abu Ali ibn Sinoning “Al-qonun” asarida 900 ga yaqin o‘simlikning shifobaxsh xususiyatlari va ularni ishlatish usullari to‘g‘risida ma’lumot beradi.

Jumladan Ibn Sino za’faron o‘simligini 100 dan ortiq kasalliklarni davolashda foydalanilishini qayd etgan. Xususan, burishtiruvchi va erituvchi bo‘lib, yetiltiruvchi xususiyati ham bor.

Issiqligi mo‘tadil bo‘lganligi uchun tomirdagi har xil tiqilmalar yoki tromblarni davolashda foydalaniladi. Ichki a’zolarni kuchaytiradi, tana terisi rangini chiroyli, ko‘zni ravshan qiladi va yurak faoliyatini kuchaytiradi.

Balg‘am ko‘chishini osonlashtirib, nafas a’zolari faoliyatini bir maromga soladi. Za’faron xomashyosi tarkibida karotinoidlar, flavonoidlar, efir moylari, V, V2 vitaminlari, yog‘ azotli moddalar, qandlar, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud.

2017 yili O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda “Brand Investment Group” MChJ tomonidan Niderlandiyadan 36,4 tonna za’faron o‘simligining tuganak piyozi keltirilib, Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi hududi 5 gektar maydonda bu o‘simlikning onalik plantatsiyalari tashkil etildi.

2018 yilda esa Respublikamiz bo‘ylab 14 ta o‘rmon xo‘jalik yerlarida jami 25.7 gektar o‘rmon fondi maydonda za’faron tuganak piyozlari ekish ishlari amalga oshirilib, plantatsiyalar barpo etilgan.

2019 yilda esa 30 ta o‘rmon xo‘jaliklarida 65 gektar maydonda za’faron plantatsiyalari barpo etilib bu ko‘rsatkich 2018 yildagiga nisbatan 39.3 gektar ko‘p maydonni tashkil etadi.

Za’faron o‘simligidan yildan-yilga ko‘proq xomashyo olish mumkin. Hozirgi kunda yuqoridagi maydonlardan o‘rtacha 50 kilogramm atrofida eksportbop za’faron guli xomashyosini tayyorlash kutilmoqda va ayni damda gulchanglarni yig‘ib-terib olish ishlari avjida.

433
O‘zA