O‘zA O`zbek

05.09.2018 11:48 Chop etish versiyasi

Zaʼfaron hosili uchun xalqaro sertifikat olindi

Zaʼfaron hosili uchun xalqaro sertifikat olindi

Zaʼfaron dunyoning koʻp mamlakatlarida katta maydonlarda parvarishlanadi. Eng koʻp Hindiston, Eron va Ispaniyada yetishtiriladi.

83a6ed5e-a437-47dc-8f32-0f035c6609ce.jpg

Keyingi yillarda yurtimizda ham zaʼfaron ekishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, “Shafran” ilmiy-tadqiqot markazi, “Brand Investment Group” jamiyati bilan hamkorlikda Gollandiyadan 36 tonnadan koʻproq zaʼfaron piyozlarini olib kelgan edi. Ularning har tonnasi bir gektarga moʻljallangan. Misol uchun, Shahrisabzda 10 gektarda 10 tonna shafran yaʼni zaʼfaron ekilgan edi.

d75a20fc-ce16-47ed-939f-bbfd4a095fb2.jpg

Endilikda ulardan olingan hosil dalalarga ekilib, zaʼfaron maydonlarini yana oʻttiz gektarga kengaytirish moʻljallanmoqda.

– Yangi piyoz tuganaklarini avgust oyidan ekishni boshladik, – deydi “Shafran” ilmiy-tadqiqot markazi direktori Boboqul Toʻxtayev. – Ular 35 kunda oʻsib chiqadi. 60 kundan oʻtib dastlabki gul shodasi koʻrinadi. Birinchi yilda toʻrtdan biri gullaydi va bu dalalar qishda ham yam- yashil boʻlib turadi. Fevralda yer ostidagi piyozlar 5 tagacha koʻpayyadi. Ular may oyigacha oʻsadi va mayda tinimga kiradi. Soʻngra yer ustki qismi quriydi. Mazkur oʻsimlikdan yiliga ikki marta hosil olinadi. Yozda va kuz oylarida. Mazkur dorivor oʻsimlikning bir tonnasi jahon bozorida 7 ming dollarga baholanadi.

Joriy yilda oʻtgan yilgi hosildan olingan urugʻlik oʻndan ziyod oʻrmon xoʻjaliklarida ekilmoqda. Buning uchun har bir xoʻjalikda uch gektardan yer ajratilgan. Kelgusida bu oʻsimlikni Andijondan boshlab, Surxondaryoga qadar ekish moʻljallanmoqda. Shuning uchun bu yil tajriba sifatida Sirdaryo viloyatining oʻrtacha shoʻrlangan yerlariga ham ekildi. Agarda olingan hosilning sifati dunyo standartlariga toʻgʻri kelsa, kelgusida Qoraqalpogʻiston Respublikasining shoʻrlangan yerlarida ham parvarishlab, moʻl daromad olish mumkin.

Yana bir xushxabar. Oʻtgan yili ekilgan hosildan olingan namunalar Shveysariyaga tekshirishga yuborilgandi, ular biz yetishtirgan zaʼfaronni ikkinchi toifaga munosib koʻrdi. Aslida mazkur baholash tizimi besh toifadan iborat boʻlib, birinchisi Fransiya, Ispaniya va Gretsiya davlatlarida yetishtirilgan hosilga berilgan.

OʻzA
1 700