O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

Yuzinchining yuzi

Yuzinchining yuzi

Hash-pash deguncha, mana, oradan chorak asr oʻtib, “Tafakkur” jurnalining naqd 100 ta soni chop etilibdi.

Biz koʻp narsalarni mustaqillik yillarining chegarasi bilangina oʻlchab, ahamiyatini kamaytirib qoʻyganday boʻlamiz. Marrani kengroq olib aytilsa, “Tafakkur” – faqat keyingi chorak asrda emas, umuman, millat tarixida misli boʻlmagan bir nashr. Bu uning ijtimoiy-falsafiy, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishga ixtisoslashganidan kelib chiqqan yutugʻigina emas. Oʻz nomiga munosib ravishda u xalqning tafakkurini oʻstirishga xizmat qildi.

Tafakkur hech qachon tor milliy qobiq doirasida rivojlanishi mumkin emas. Shuning uchun bu majalla bashariyat tamaddunini bir butun koʻradi. Milliy ong va tafakkurga esa ana shu yaxlit tushunchaning ajralmas uzvi sifatida qarab, uni shunday talqin etib kelyapti. Har sonda qadim tarixdan bugungacha boʻlgan davrlar, mumtozlik bilan zamonaviylik oʻzaro kesishadi ham.

100-son jurnalda shakllangan shu va shu kabi barcha yaxshi anʼanalarni davom ettirgan ham, shuningdek, qaysi jihatlari bilan alohida ajralib ham turadi.

Ancha yillardan buyon tanaffus qilib kelayotgan “Bosh muharrir minbari” rukni tiklanib, unda “Rost soʻz, raso fikr” deb nomlangan bor-yoʻgʻi 1 sahifadangina iborat fiqrada, jumladan, “madaniy davralarda “tafakkur”bop, “tafakkur”ona, “tafakkur”xonlik, “tafakkur”chilar singari istilohlar paydo boʻlgani, “eng koʻp iqtibos olinadigan nashr”ni aniqlash boʻyicha tadqiqot oʻtkazilsa... “Tafakkur” ahli yana bir karra faxrlanishi mumkinligi qayd etiladi.

“Oriflar majlisi” ruknida 24 muallifning jurnalda bosilgan materiallaridan sara, taʼsirchan, kishini oʻylantiradigan iqtiboslar keltiriladi. Yana turli sahifalarda A.Aʼzam, R.Qoʻchqor, N.Karimov, Sh.Rizo, X.Davron, S.Sayyid, A.Sher, X.Doʻstmuhammad kabi millat munavvarlarining sevimli nashrlari haqidagi ixcham-ixcham fikrlari ham berib borilgan.

“Yuksalish yuki” (S. Olim) maqolasida shu kunlarda jamiyatimizning bosh shiori yangligʻ jaranglayotgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari!” gʻoyasining mohiyati haqida tahliliy mulohaza yuritiladi. “Saylov: siylovmi yoxud sinov?” (M.Qirgʻizboyev)da maqolasida sarlavhadanoq bilinib turganidek, bugunning dolzarb masalasi muhokama mavzusiga aylangan. “Ilohiy tuygʻular tutashuvi” (A. Erkayev)da maʼnaviyat tizimi transsendental, yaʼni borliqning umumiy, oliy sifatlarini bildiruvchi tushunchalar asosida tahlil qilinsa, “Urf-odatlar: tanganing ikki tomoni” (M.Yoʻldoshev)da udumlardagi anʼanaviylik va zamonaviylik, jamiyat, shaxs va urf-odatlar oʻrtasidagi murakkab munosabatlar yoritiladi. “Moziyga tikilib mugʻanniy yigʻlar...” (O.Toshboyev) maqolasi amerikalik sayyoh Yujin Skaylerning 1876-yili Londonda bosilgan “Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qoʻqon, Buxoro va Gʻuljaga sayohat qaydlari” kitobining oʻzbekcha nashri bahonasida xonliklar davrining murakkab muammolaridan bahs ochadi. “Haqiqat qiyosda koʻrinar” (Gʻ.Zikrillayev)da Qurʼoni karimning oʻzbekcha tarjimalaridagi xato va kamchiliklarga tilshunoslik talablari asosida yondashiladi. “Avlod va eʼtiqod” (N.Ergash)da turli davrlar oʻzbek qalamkashlarining eʼtiqod masalasiga munosabati muhokamaga tortiladi.

“Men Sizif toshiga egaman boshim” (N.Afoq)da Alber Kamyu talqinidagi absurd hodisasining yangi tahlillarini koʻrsak, “Pardozdagi musaddir” (V.Alimasov)da taniqli rassom B. Jalol ijodidagi mistitsizm koʻrsatib beriladi, “Qaqnus: attorona, navoiyona...” (M.Hoshimov)da bir timsol misolida “Mantiq ut-tayr” va “Lison ut-tayr” dostonlari qiyosga tortiladi.

Shuningdek, ushbu sondan mashhur ozarboyjon adibi Anarning “Oq qoʻchqor, qora qoʻchqor” qissasidan boblar (Shohsanam tarjimasi), Shuhrat bisotidan hikmatlar, N.Rahmat fiqralari, “Botindagi boʻron (Olim Otaxon mutolaa qiladi)” materiali hamda bir necha muallifning talqin va tadqiqotlari eʼlon qilingan.

8 bosma taboq hajmdagi bir “kitob”ga shuncha fikr joylanganini, bashariyat tafakkurining u yogʻidan kirib, bu yogʻidan chiqilganini koʻrib, “Balli!” deging keladi. Ammo uning bor-yoʻgʻi ming dona bosilgani achinarli.

Ziyoda GʻAFFOROVA,
“Umrboqiy meros” Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati targʻibot markazi direktori oʻrinbosari.

384
OʻzA