O‘zA O`zbek

10.08.2018 22:10 Chop etish versiyasi

Yurtni obod etayotganlar sharaflandi

Yurtni obod etayotganlar sharaflandi
Yurtimiz obodligi, fayzli va ko‘rkam, zamonaviy qiyofasi quruvchilarning mashaqqatli mehnati bilan chambarchas bog‘liq. Muhtasham binolar, zilol favvoralar, keng va ravon yo‘llar, so‘lim istirohat bog‘lari, mahobatli ko‘priklarni ko‘rib ularning mehnatiga tassannolar aytamiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda avgust oyining ikkinchi yakshanbasi qurilish sohasi xodimlarikuni etib belgilangan.

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida tashkil etilgan tantanali tadbirga quruvchi va me’morlar, muhandislar, yo‘lsozlar, sohaning fidoyi mutaxassislari taklif etildi.

Tantanali tadbirni O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri A.To‘xtayev kirish so‘zi bilan ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlariga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov o‘qib eshittirdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, istiqlol yillarida mamlakatimizda qurilish, me’morchilik va shaharsozlik yo‘nalishida o‘ziga xos an’analar shakllandi. Mamlakatimizda qurilish va bunyodkorlik ishlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida sohada ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Shahar va qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, ularni zamonaviy shaharsozlik talablari asosida rivojlantirish, aholining uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida bugungi kunda yurtimiz ulkan qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylandi.

Mazkur qurilish-bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish uchun yurtimizda ko‘plab pudrat tashkilotlari, bosh loyiha institutlari, loyiha tashkilotlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliy ta’lim dargohlarida soha uchun mutaxassis kadrlar tayyorlanmoqda.

So‘nggi yillarda qurilish, arxitektura va loyihalashtirish bo‘yicha milliy qonunchilik muttasil tarzda takomillashib bormoqda. Tasdiqlangan maqsadli dasturlar doirasida arzon namunaviy uy-joylar, ko‘p qavatli uylar bunyod etilmoqda. “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlarini hayotga izchil tatbiq etishda, anhor va kanallarimiz musaffoligi, sohillarining obodligini ta’minlashdaqo‘li gul quruvchilarimizning hissasi, ayniqsa, katta bo‘lmoqda. Qisqa fursatda ko‘plabijtimoiy soha obyektlari, muhtasham sport saroylari, yirik inshootlar va infratuzilma, sanoat, ishlab chiqarish obyektlari, zamonaviy talablarga javob beruvchi istirohat bog‘lari foydalanishga topshirilmoqda. Tunellar, ko‘priklar, zamonaviy transport bog‘lamalari, shiddatli davr ruhini o‘zida aks ettiruvchi ishbilarmonlik markazlari jonajon poytaxtimizning qiyofasini mutlaqo o‘zgartirib yuborishi shubhasiz. Shaharsozu me’morlarimizning mehnati bilan yurtimizning barcha go‘shasi tanib bo‘lmas qiyofaga kirmoqda.

Sohani jadal rivojlantirish, qurilishda yangi texnologiyalar va energiya tejamkor materiallarni qo‘llash, qurilish-pudrat va loyiha tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirish soha rivojining yangi davrini boshlab berdi. Qurilish-shaharsozlik, me’morlik yo‘nalishida shiddatli islohotlarning amalga oshirilishi natijasida bugungi kunga kelib soha o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi. Ulkan bunyodkorlik ishlari jarayonida milliy ma’naviyatimizga ulkan hissa qo‘shgan allomalar qo‘nim topgan ziyoratgohlarni ta’mirlash, ularni obodmaskanlarga aylantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

12.JPG

Tadbirda sohada ko‘p yillar mobaynida fidokorona mehnat qilgan quruvchi, yo‘lsoz, muhandis va me’morlar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar soha ravnaqi, odamlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, quruvchilarning mehnatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashborasidagi e’tibor uchun davlatimiz rahbarigasamimiy minnatdorlik bildirdi.

– Quruvchi yoki me’mor kasbining natijasi necha-necha yillar bo‘y ko‘rsatib turadi, – deydi “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, Andijon tumanidagi“Ko‘chma mexanizatsiyalashgan korxona” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Tohirjon Homidov. – Barpo etilgan bino va inshootlar xalq manfaatlari, hayotimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotganini ko‘rishdan ham oliyroq baxt bormi! Shunda barcha mashaqqatlar ortda qolgani, mehnating el-yurtning nafi yo‘lida ekanini chin yurakdan his etasan. Biz, quruvchilarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibordan ko‘nglimiz osmon qadar o‘sdi. Bu esa yanada ko‘proq g‘ayrat bilan mehnat qilishga chorlaydi.

San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi katta konsert bayramga fayz, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Nazokat Usmonova,Temur Mamadaminov (surat) O‘zA
3 100