Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2017 12:07 Chop etish versiyasi

Yurtni asl o‘g‘lonlarga ishonamiz

Yurtni asl o‘g‘lonlarga ishonamiz "Xo‘p, xo‘p bo‘ladi... Hamma aytganlaringizni qilaman!" O‘g‘il karnay-surnay sadolari o‘z ovozini bosib ketishini istamay, onasiga yana bir bor qat’iy va’da berayotganini bildirish niyatida ovozini biroz balandlatdi. "Albatta, komandirlarimning so‘zidan chiqmayman".

Mushtipar ona o‘g‘lining Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli ishga bel bog‘layotganidan baxtiyorligini yashirmaydi. Yonoqlarini quvonch ko‘z yoshlari namlab o‘tadi.

– Akang ofitser bo‘lib, kam bo‘lmadi, – u o‘g‘lining ko‘zlariga tikildi: qorachiqlarida o‘zini ko‘rdi. – Unga nimani ravo ko‘rgan bo‘lsak, senga ham doim o‘shani ilinganmiz. Biz senga ishonamiz...

Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimida bu kabi suhbatlarga ko‘p guvoh bo‘lamiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda ham harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bo‘lajak askarlarning ota-onalari, yoshlar ishtirok etdi.

– Farzandlarimizni muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosimi katta shodiyonaga aylandi, – deydi bekobodlik Alisherning otasi Hasanboy G‘aniyev. – Bo‘lajak askarlarning Vatanga muhabbat, elu yurtga sadoqat tuyg‘ulari jo‘sh urib turgan yuz-ko‘zlaridagi g‘ayrat-shijoatni ko‘rib ularga havasim keldi. Niyati ezgu, qadami shaxdam yigitlar safida bizning ham o‘g‘limiz borligidan g‘ururlandik.

Yigitlik burchini o‘tash uchun yo‘l olayotgan o‘g‘lonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Vatan, tinchlik, mardlik va do‘stlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Ikrom Avvalboyev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
3 024






Все о погоде - Pogoda.uz