Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.08.2018 15:02 Chop etish versiyasi

Yurtimizdagi xayrli ishlar bardavom boʻlsin

Yurtimizdagi xayrli ishlar bardavom boʻlsin

Qurbon hayiti mamlakatimizning barcha hududlarida katta bayram sifatida nishonlanmoqda. Ushbu qutlugʻ kunlarda xalqimizning qarindosh-urugʻlar, keksalar, yolgʻiz yashovchilar, yetimlar holidan xabar olishdek insonlar oʻrtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi qadim qadriyatlari yangicha mazmun, oʻziga xos joziba bilan boʻy koʻrsatmoqda. 

Qurbon hayiti munosabati bilan dam olish kunlari belgilanganligi yurtdoshlarimizni behad mamnun qildi. 

Ushbu muborak kunlarda Andijonda ham mahalla, koʻcha, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Mustaqilligimizning 27 yillik bayrami hamda Qurbon hayiti oldidan oʻtkazilgan xayriya hasharida viloyatdagi 898 qabriston va 53 ziyoratgohda tozalash, obodonlashtirish ishlari bajarildi. Quvonarlisi, ana shu jarayonda yoshu keksa bir tan, bir jon boʻlib mehnat qildi. Keksalar oʻzlarining faolligi, ibratli ishlari bilan yoshlarga namuna boʻldilar. Bundan tashqari, keng jamoatchilik koʻmagi bilan sharoiti ogʻir boʻlgan 1 ming 276 oilaning uy-joyi taʻmirlab berildi. 1 ming 958 kam taʻminlangan oilaga, 1 ming 313 nafar nogiron va yolgʻiz yashovchi keksalarga moddiy yordam koʻrsatildi.

Bu kabi ibratli ishlar xalqimiz orasida muhtojlarga saxovat koʻrsatish, odamlar oʻrtasida mehr- oqibat rishtalarini mustahkamlashdek ezgu va xayrli ishlarning yanada quloch yoyishiga xizmat qilmoqda.

Shukuhli shu kunlarda har bir vatandoshimiz tinch va osoyishta oʻtayotgan kunlarimiz, toʻkin dasturxon, farovon hayotimiz uchun shukronalik tuygʻusi bilan yashamoqda. Nuroniylarimiz esa yoshlarning diyonatli, el-yurt ishiga kamarbasta, Vataniga sodiq, fidoyi insonlar boʻlib kamol topishlarini tilab duolar qilmoqda. Ilohim, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xayrli ishlar bardavom boʻlsin. Kundan-kun yuksalib borayotgan ozod va obod Oʻzbekistonimizga koʻz tegmasin.

Sharofiddin Musaboyev,
Andijon shahridagi “Abu Hurayra”
jome masjidi imom-xatibi

1 740