O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

Yurtimizdagi mavjud yogʻ-moy korxonalari talabga yarasha mahsulot ishlab chiqara oladimi?

Yurtimizdagi mavjud yogʻ-moy korxonalari talabga yarasha mahsulot ishlab chiqara oladimi?

Maʼlumotlarga koʻra, aholi ehtiyojlari uchun 400 ming tonnadan ortiqroq yogʻ-moy mahsuloti talab etiladi. Bunda asosan yogʻ-moy hamda margarin mahsulotlari nazarda tutilgan. Xoʻsh, yurtimizdagi mavjud korxonalar shu talabga yarasha mahsulot ishlab chiqara oladimi?

– Ayni vaqtda Tizimda ishlab chiqaruvchi 65 yirik korxona faoliyat yuritmoqda, – deydi “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasining boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Qamar Serkayev. – Ular atigi 280 ming tonna yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Koʻrib turganimizdek, aholi ehtiyoji va ishlab chiqarilayotgan yogʻ-moy mahsulotlari miqdori oʻrtasida kattagina farq mavjud. Tanqislikning asosi sababi yetarlicha ishlab chiqarish quvvatlari mavjud boʻlsada, xom ashyoning kamligi natijasida korxonalar quvvatidan 50 foiz atrofida foydalanilmoqda, xalos. Qolgani xorijdan keltirilmoqda.

Darhaqiqat, keyingi yillarda bozorlarimizda turli davlatlar, xususan Rossiya, Qozogʻistondan keltirilgan yogʻ-moy mahsulotlari soni va turi ortib bormoqda. Albatta, bu holatga jim qarab turilgani yoʻq, aksincha uning oldini olish, nisbatan kamaytirish va xom ashyo bazasini kuchaytirish uchun soya, kungaboqar, maxsar, zigʻir, kunjut kabilarni yetishtirish koʻpaytirilmoqda. Shuningdek, xorijdan tayyor mahsulot oʻrniga xom ashyo olib kelish choralari koʻrilmoqda.

Bu borada bugun yana bir qadam qoʻyildi. Yaʼni Oʻzbekiston-Qozogʻiston yogʻ-moy sanoati hamkorlikda konferensiya oʻtkazib, soha tadbirkorlari oʻrtasida shartnomalar tuzildi.

– Maqsadimiz Qozogʻistondagi yogʻ-moy ishlab chiqaruvchilar va xom ashyo yetkazib beruvchilar bilan Oʻzbekistondagi korxonalar hamkorligini yoʻlga qoʻyish, – deydi Qozogʻiston vakili Mukan Abdiyev. – Bizda xom ashyo zaxirasi juda katta. Ammo korxonalar quvvati nisbatan kam. Sizlarda esa aksincha. Shuning uchun xom ashyo yetkazib berish va uni sizlardagi korxonalarda qayta ishlash borasida kelishib oldik. Oʻtgan yil davomida oʻrtacha 170 ming tonnaga yaqin xom ashyo keltirilgan boʻlsa, sakkiz oyda bu koʻrsatkich 200 ming tonnadan oshdi.

Albatta, chet eldan kelayotgan tayyor yogʻ-moy oʻrniga xom ashyoni keltirib, oʻzimizda qayta ishlansa, avvalo korxonalarning ishlab chiqarish quvvati oshadi, ish oʻrinlari yaratiladi va QQS oʻzimizda qoladi.

Biz “Nasaf staroyl” bilan Qozogʻistonning “Sotielle” korxonasi oʻzaro tuzayotgan hamkorlik shartnomasiga guvoh boʻldik. Ular 50 vagon maxsar, 50 vagon zigʻir xarid qilish borasida kelishib olishdi.

– Ularda yetishtirilgan xom ashyoning sifati yuqori, – deydi “Nasaf staroyl” rahbari Asqar Saidov. – Bizning quvvatimiz bir oyda 250 tonna yaʼni toʻrt vagon xom ashyoni qayta ishlashga yetadi. Buyurtmamiz juda koʻp.
Konferensiyada hamkorlik borasida aniq dastur tuzilgani, yaqin kelajakda soya, kungaboqar koʻpaytirish va mahalliy sharoitga yanada kengroq moslashtirish masalalari muhokama qilindi.

2 491
Sayyora SHOYEVA, OʻzA