O‘zA O`zbek

15.05.2020 Chop etish versiyasi

Yurtimizda oʻqishga imkon beruvchi ilk bilim portali

Yurtimizda oʻqishga imkon beruvchi ilk bilim portali

Axborot texnologiyalari asrida, bilimli, salohiyatli barkamol avlodni tarbiyalash asosiy vazifalardan biriga aylangan. Shu bois prezidentimiz “2020-yil – Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili“ deb eʼlon qilib, Oliy Majlis aʼzolariga murojaatnomasida mamlakatimiz iqtisodiyotini barcha tizimini, jumladan xalq tizimini rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni belgilab bergan edi.

Ana shu vazifalardan kelib chiqib Xalq taʼlimi vazirligi ham bir qator dasturlar ishlab chiqib, hozirgi kunda amaliyotga tatbiq etmoqda.

Ulardan biri “kitob.uz” veb-portalidir.

“kitob.uz“ Davlat bolalar kutubxonasining yangi va zamonaviy portali boʻlib, kitobxonlarga maʼnaviy boyligi, madaniyati, millat koʻzgusi sifatida xizmat qilib kelayotgan oʻzbek tilidagi elektron va audio kitoblarni oʻqishga imkon beruvchi yagona bilim portali hisoblanadi.

Uning asosiy vazifalari, mamlakatimiz aholisi, chet eldagi vatandoshlarimiz va oʻsib kelayotgan yosh avlod orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda kitoblarni tinglash va mutolaa qilish imkoniyatini yaratib berishdir.

Platformada, 1000 dan ziyod madaniyat va sanʼat, taniqli insonlar biografiyasi, darsliklar, doston, tarix, psixologiya, axborot texnologiyalariga oid kitoblar, hamda oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalaridan bahramand boʻlishingiz mumkin.

Kutubxonadagi barcha kitoblar bepul boʻlib, ularning aksariyati audio versiyasiga ega.

Bundan tashqari kitobsevarlar “kitob.uz“ portalida mavjud audio va elektron kitoblarni yuklab olishi, shuningdek oflayn boʻlgan vaqtlarida ham ulardan foydalanishi mumkin. Buning uchun faqatgina telegram qidiruv satriga “kitob_uzb_bot” nomini kiritib, botni faollashtirishning oʻzi kifoya.

Mazkur bot “kitob.uz“ veb-portalining barcha imkoniyatlarini oʻzida mujassam etgan.

4 308
Nazokat Rajabova, OʻzA