Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2018 12:31 Chop etish versiyasi

Yurtimizda har yili 500 dan ziyod hunarmandlik buyumlari import qilinadi

Yurtimizda har yili 500 dan ziyod hunarmandlik buyumlari import qilinadi
Davlat bojxona qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda har yili mahalliy hunarmandlar ishlab chiqarishi mumkin bo‘lgan 500 dan ortiq buyum import qilinadi.

“Hunarmand” uyushmasining matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, ana shunday holatning oldini olish, xalq hunarmandligi va amaliy san’atini namoyish etish, hunarmandlarning mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotishga ko‘maklashish uchun joriy yilning 22-23 sentyabrida Toshkent shahridagi Sayilgoh ko‘chasida “O‘zbekiston yodgorliklari” ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.

Uyushma mutaxassislarining ma’lum qilishlaricha, sayyohlar, mehmonlar har bir ziyorat qilgan joylaridan esdalik, yodgorlik sovg‘alarini xarid qiladi. Biroq, ana shu joylarda sotilayotgan yodgorliklarning aksar qismi xorijdan keltirilgan bo‘lib, diyorimiz to‘g‘risida hech qanday taassurot yoki ma’lumot bermaydi. Mahalliy hunarmandlarimiz qo‘li bilan yasalgan, yurtimiz go‘zalligi, betakrorligini o‘zida aks ettirgan mo‘jazgina sovg‘a – turizmni rivojlantirish omili bo‘lish bilan birga mahalliy tadbirkorlarimizni yanada yuksalish manbai hamdir. Demak, esdalik sovg‘alarni yurtimiz usta-hunarmandlari ishlab chiqarishi va ommalashtirishi “Ustoz-shogird” maktablarini rivojlantirish va yangi ish joylarini yaratish imkonini beradi. 

“O‘zbekiston yodgorliklari” ko‘rgazma-savdosi hunarmandlikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqariladigan yodgorlik turlarini kengaytirish, ommabopligini aniqlash, sifat va dizayni ustida izlanish, chet ellik mehmonlarning mahsulotlarimizga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini o‘rganishda qo‘l kelishi shubhasiz. 

Ko‘rgazma-savdoda hunarmandlik mahsulotlari savdosi o‘tkaziladi. Shuningdek, usta hunarmandlar mahorat darslari o‘tadi. Mehmonlar o‘z qo‘llari bilan loydan ko‘za yasab ko‘rishlari, ipakdan mato to‘qishlari, do‘ppi tikishlari, beshik yasashda ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, milliy sport musobaqalari (kurash), dorboz, qo‘g‘irchoq teatrlari namoyish qilinadi. Yurtimizning eng mashhur oshpazlari o‘z mahoratini namoyish etadi. Har bir viloyat va hududlarning o‘ziga xos chiqishlari, taniqli va yosh iste’dodli san’atkorlar ishtiroki, xalq ertaklari qahramonlarining ko‘rinishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

O‘zA
2 321