O‘zA O`zbek

13.01.2018 10:18 Chop etish versiyasi

Yurti uchun jonini fido qilganlar xotirasi abadiydir

Vatan himoyachilari kunini nishonlashda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning oilalaridan xabar olish yaxshi ana’anaga aylangan. Bayram arafasida Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi vakillari bilan birgalikda O‘zA muxbirlari ham ana shunday oilalarga tashrif buyurdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisidagi nutqida “Hech shubhasiz, Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir ”, - deb ta’kidlaydi. Halok bo‘lganlar xonadonlariga uyushtirilayotgan bunday tashriflar ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish yo‘lidagi xayrli amallardandir.

...2016 yilning kuzida podpolkovnik Sabit Romanov boshqaruvidagi harbiy vertolyot qulab tushdi. Harbiylar azaldan xizmat burchini ado etish yo‘lida aziz jonini ham qurbon qilishga tayyor bo‘lgan va bu harbiy uchuvchilarga ham taaluqli. Ofitserning bevasi Sayyora, uning ota-onasi Azat aka va Nasiba opalar, yetim qolgan o‘g‘li Armanbekning dardu alami, iztiroblari cheksiz. Vatan himoyachilari kuni arafasida, halok bo‘lgan oila rahbari safdoshlarining ushbu xonadonga tashrif buyurishi ularning ko‘ngliga oz bo‘lsada taskin berib, Vatan o‘z qahramonlarini unutmasligini yana bir karra tasdiqlaydi.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari - Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burhonov podpolkovnik Sabit Romanovning yaqinlari bilan bo‘lgan uchrashuvda ana shu haqda so‘z yuritdi. Shuningdek, qahramonning jangchi do‘stlari xizmatdoshi va birodarining ezgu xotirasini hamisha qalbida saqlashini ta’kidladi.

- Davlatimiz rahbarining so‘zlari o‘z o‘g‘illarini yo‘qotganlar uchun ulkan madad bo‘ldi, - deydi Azat Romanov. – Nabiram Armanbek ham otasi singari ofitser bo‘lishni orzu qiladi. Biz uning otasi izidan borishdek ezgu intilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Mazkur satrlar muallifining shaxsiy xotiralari o‘z xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan podpolkovnik Sergey Xarlamov bilan ham bog‘liq. Harbiy muxbir sifatida davlat mukofotlari sovrindori xizmat qiladigan harbiy qismga tez-tez borib turardim. Sergey uchuvchilar oilasidan , uning otasi, iste’fodagi polkovnik Aleksandr Xarlamov Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlarining faxriylar ishlari kengashi raisi.

Sergeyning bevasiga undan Ira ismli qizchasi yodgorlik bo‘lib qoldi. Uning porloq xotirasi ham safdoshlari qalbida mangu yashaydi...

So‘nggi parvoz chog‘ida podpolkovnik Sergey Xarlamov bilan birga uning shturmani, kapitan Jahongir Tog‘ayev ham halok bo‘ldi. Uning oilasidan ko‘ngil so‘rash maqsadida Havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlari va Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi o‘rinbosari Rustam Nasriddinov, poytaxtimizning mudofaa ishlari Yashnaobod tuman bo‘limi vakili podpolkovnik Farrux Mannonov ushbu xonadonga tashrif buyurdi. Ofitserning bevasi Nafosat opa Jasurbek, Asliddin va Masrur ismli uch o‘g‘lonni tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Jasurbek 10-sinfda o‘qiydi, u Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga kirib, otasi kabi harbiy uchuvchi bo‘lishni orzu qiladi.

- Nafaqat bayramlarda, balki bizni muntazam yo‘qlab turadigan turmush o‘rtog‘imning qo‘mondon va safdoshlaridan minnatdormiz, - deydi Nafosat. Farzandlarim o‘zlarini nafaqat mening, balki butun xalqimizning farzandlaridek his etib yashaydi. Davlatimiz rahbari bildirgan fikrlar bizga kuch bag‘ishlab, ertangi kun, farzandlar kelajagiga ishonch bilan yashashga undaydi. Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim vakillari kundalik muammolarimizni hal etishga ko‘maklashadi. Biz yolg‘iz emasligimizni, ularning yordamida xalqimiz bilan yonma-yon ekanligimizni his etib yashayapmiz.

... Bu kabi uchrashuvlar bizni O‘zbekistonning mustaqilligi va ozodligi qanchalar bebaho ne’mat ekanligini chuqur anglab yetishga undaydi. Zero, biz Vatan oldidagi o‘z xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lganlarning muqaddas xotirasini yod etish orqaligina, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashimiz mumkin.

Ablay Kamolov, O‘zA
14 186