O‘zA O`zbek

05.07.2019 22:28 Chop etish versiyasi

Yurtdoshlarimiz nega xorijda ishlashga intilmoqda?

Yurtdoshlarimiz nega xorijda ishlashga intilmoqda?

Oʻzbekistondagi migratsiya jarayonlarining oʻziga xos jihatlari va sabablarini aniqlash, fuqarolarning migratsiyaga oid, jumladan, mehnat va taʼlim migratsiyasi bilan bogʻliq kayfiyatini oʻrganish, mehnat migrantlarining ijtimoy va huquqiy himoyasizlik darajasini aniqlash – ana shu jihatlar “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovning eʼtibor markazida boʻldi.

Soʻrov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-iyuldagi “Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2018-yil 5-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 14-iyuldagi “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq oʻtkazildi.

Ijtimoiy soʻrov shuni koʻrsatdiki, yurtdoshlarimizning aksariyat qismi (98,2 foiz) Vatanimizni butunlay tark etishni istamaydi va ular oʻz kelajaklarini u bilan bogʻlaydi. Respondentlarning yashash joyi, jinsi va yoshidan qatʼi nazar, barcha hududlarda shu tendensiya kuzatiladi.

Amaldagi qonunchilik mamlakatimiz fuqarolariga dunyoning boshqa davlatlarida idoralararo va hukumatlararo shartnomalar boʻyicha hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlik yordamida xususiy shartnomalar boʻyicha ishga joylashish imkonini beradi. Soʻrov ishtirokchilarining fikricha, respublikamizda migratsiya jarayonlarini boshqarish va tartibga solish boʻyicha zarur infratuzilma yaratilgan.

Fuqarolar davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy soha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, aholi bandligi va uni ish bilan taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish, fuqarolarning xorijda ishga joylashishini tartibga solish va qonuniylashtirish uchun yangi xalqaro aloqalarni oʻrnatishga qaratilgan qator qonunchilik va huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Soʻrov qatnashchilari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mehnat migrantlari toʻgʻrisidagi qaroridan xabardor. Ushbu qaror asosida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy funksiyalari ularni huquqiy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda zoʻravonlik, majburiy mehnat va kamsitish yoki mehnat va boshqa huquqlarining buzilishidan himoya qilishdir.

Oʻzbekiston fuqarolarning xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun chetga chiqish mexanizmini tashkillashtirish tizimini ham rivojlantirmoqda, xorijda ish bilan taʼminlovchi mehnat organlari infratuzilmalarini yanada rivojlantirish ishlarini olib bormoqda.

Soʻrov natijalari soʻralganlarning 8,3 foizi boshqa mamlakatda ishlab, soʻngra oʻz Vataniga qaytishga tayyor ekanini koʻrsatdi. Soʻrov natijalariga koʻra, fuqarolar koʻpincha bir yarim yilga (31,5 foiz), yarim yilga (22,8 foiz) va 3 oyga (13 foiz) boshqa mamlakatga chiqishadi.

Tadbirkorlik – ham erkak, ham ayollar uchun eng yaxshi faoliyat turlaridan sanaladi. Erkak migrantlar uchun qurilish sohasi, ayollar uchun ijtimoiy sohada ishlash ikkinchi oʻrinda turadi.
Soʻrov oʻzining xorijda ishga joylashish masalasini Tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlik orqali hal etayotgan shaxslar yil sayin ortib borayotganini koʻrsatdi (2017-yilda 35,1 foiz, 2019-yilda 41,3 foiz fuqarolar). Bu kabi natijalar migrantlar mehnat migratsiyasining qonuniy uslubi afzalligini tobora anglab yetayotganlaridan dalolatdir.

Soʻrov aksariyat migrantlar oʻzlari yashagan joyda, oʻzlari olgan taʼlim yoʻnalishi, malakasi hamda munosib ish haqi boʻyicha ishga joylashish imkoniyati boʻlganda, boshqa mamlakatda ishlashdan bosh tortishga tayyor ekanini koʻrsatdi.

Soʻrov boshqa mamlakatda noqonuniy mehnat qilayotgan migrantlar koʻpincha yolgʻon va odam savdosi qurboni boʻlayotganliklarini aniqladi.

Soʻrov davomida mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari buzilganda, ular qaysi organlarga murojaat qilishlari kerakligi toʻgʻrisida nechogʻlik xabardor ekani aniqlandi. Zarur hollarda, aksariyat (67,8 foiz) migrantlar yordam soʻrab, diplomatik idoralar: Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasi yoki konsulligiga murojaat qiladi. Mazkur koʻrsatkich soʻnggi bir necha yildan buyon barqaror, yuqori darajada turibdi.

Oʻzbekiston fuqarolarining taʼlim migratsiyasining turli jihatlari, ularning xorijda taʼlim olishga boʻlgan munosabatlarini oʻrganish tadqiqot maqsadlaridan biri edi.

Soʻrov natijalari shuni koʻrsatdiki, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Yevropa va MDH mamlakatlaridagi oʻquv muassasalar taʼlim migratsiyasining eng mashhur yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

Tadqiqotda, shuningdek, xorijda taʼlim olgan fuqarolarning qancha qismi oʻqishni tugatgach, Vatanimizga qaytishi, qanchasi oʻzga yurtda qolishini aniqlash vazifasi ham bor edi.

Soʻrov ishtirokchilarining yarmidan koʻpi chet elda tahsil olayotgan oila aʼzolari taʼlimni davom ettirayotganliklarini maʼlum qilishgan. Oʻqish yakunidan soʻng mamlakatimizga qaytgan fuqarolar soni barqaror darajada boʻlib, soʻrov maʼlumotlariga koʻra, 37 foizni tashkil etadi. Farzandlari yoki boshqa yaqin qarindoshlari chet elda tahsil olayotgan yoki oʻqishni tugatgan aksariyat ishtirokchilar (88,2 foiz) oila aʼzolari uyga qaytishini xohlashadi. Soʻrovda ishtirok etgan har oʻninchi ishtirokchining (11,8 foiz) pozitsiyasi shundan iboratki, bu masalani yaqin insonining oʻzi hal etishi lozim.

Bundan tashqari, soʻrov 82,4 foiz qatnashchilarning yurtimiz fuqarolari boʻlmish koʻpchilik yoshlarning taʼlim olish uchun boshqa mamlakatlarga ketib, chet el fuqaroligini olgan holda, qaytib kelmayotganliklariga nisbatan salbiy munosabatda ekanligini ham koʻrsatdi.

Soʻrovda aksariyat (qariyb 90 foiz) fuqarolar davlatimiz rahbarining chet ellarga chiqib ketgan oʻzbek mutaxassislarini Vatanimizda ish bilan taʼminlash va oʻz salohiyatlarini roʻyobga chiqarishlari uchun imkoniyat yaratishni kafolatlagan holda, ularni yurtimizga qaytarish va qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan tashabbuslarini maʼqullashi aniqlandi. Respondentlarning fikricha, eʼtibor markazida maʼlumotli va yuqori malakali kadrlar masalasi boʻlgani bois, bu boradagi ishlar (ularni qaytarish) mamlakatimiz iqtisodiy oʻsishini jadallashtirishda investitsiyaviy-moliyaviy va ilmiy-texnologik resurslarni birlashtirishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, oʻtkazilgan soʻrov fuqarolarimizning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning migratsiya jarayonlari, ayniqsa, tashqi mehnat va taʼlim migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarimizning mehnat va ijtimoiy huquqlari himoyasini taʼminlash, xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik va mehnat faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida ushbu yoʻnalishdagi vazifalarni izchil amalga oshirishni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini koʻrsatdi.

“Ijtimoiy fikr” Respublika
jamoatchilik fikrini
oʻrganish markazi materiallari boʻyicha

O.XARCHENKO tayyorladi.
5 493