O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Yuridik kollejlarga kirish imtihonlari talab darajasida oʻtkazildi

Yuridik kollejlarga kirish imtihonlari talab darajasida oʻtkazildi

Joriy yilning 21-22-avgust kunlari respublikamizdagi barcha Yuridik kollejlarga kirish imtihonlari boʻlib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik kollejlariga 2019/2020 oʻquv yili uchun oʻquvchilarni qabul qilish boʻyicha 3340 ta qabul kvotalari ajratilgan edi.

Yuridik kollejlarga jami 8027 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Shundan “Huquqshunoslik” fanidan oʻtkazilgan yozma imtihonda abituriyentlarning 4369 nafari, “Ona tili va adabiyoti” fanidan oʻtkazilgan yozma imtihonda 4304 nafari ishtirok etdi.

Kirish imtihonlari abituriyentlar uchun barcha sharoitlarga ega boʻlgan katta pavilionda tashkil etilib, ochiq, shaffof va adolatli tarzda oʻtishi uchun sharoitlar yaratildi.

Farzandlari va yaqinlarini qoʻllab-quvvatlashga kelgan ota-onalar va boshqa qarindoshlar uchun kutish joylari hamda imtihon jarayonlarini kuzatib borishlari uchun monitor oʻrnatildi.

Xoʻsh, yuridik kollejlarda qaysi mutaxassisliklarni olish mumkin?

Yuridik kollejlarda davlat xizmatlari boʻyicha yurist, kadrlar masalalari boʻyicha yurist, shartnomaviy masalalar boʻyicha yurist, agrar sektorda yurist, notariat boʻyicha yurist, advokatura boʻyicha yurist, ijro ishi boʻyicha yurist mutaxassislik va kasblari boʻyicha kadrlar tayyorlanib, uning bitiruvchilari sudlarda, adliya, prokuratura, ichki ishlar organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmat boʻlinmalari, FHDYO organlari va advokatlik tuzilmalarida ishlash imkonini beruvchi diplomlar beriladi.

Bu muhim!

Taʼkidlash joiz, kollej bitiruvchilari uchun eng muhim imtiyozlardan biri bu ular hududiy adliya organlarining yoʻllanmalari boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetiga test sinovlarisiz, yakka tartibdagi suhbat oʻtkazish orqali kirishi hamda bakalavrlarni tayyorlashning maxsus uch yillik dasturi boʻyicha (ikkinchi kursdan) oʻqishga haqli.

Shuningdek, kollej bitiruvchilari kelgusida ishga joylashishda ham qiynalmaydi. Chunki ularni ish joyi bilan taʼminlash Adliya vazirligi tomonidan kafolatlangan.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

952
OʻzA