O‘zA O`zbek

20.09.2019 Chop etish versiyasi

Yuridik kadrlar bilan ochiq muloqot

Yuridik kadrlar bilan ochiq muloqot

Bugun, 19 sentabr kuni Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi rahbariyati, pedagoglari va mas’ul xodimlari ishtirokida malaka oshirayotgan 230 dan ortiq tinglovchi bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Muloqotda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga huquqiy jihatdan ko‘mak berishda yuridik kadrlar oldida turgan vazifalar, huquqiy tizimni takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotini birxillashtirish, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, zamonaviy yurist kadrlarga qo‘yilayotgan talablar, normativ-huquqiy hujjatlar hamda shartnomalar bilan ishlashni sifat jihatdan kuchaytirishga oid masalalar muhokama etildi. 

Ta’kidlash joizki, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, olib borilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarini keng joriy qilishning huquqiy asoslarini yaratish, investitsiyaviy muhitni shakllantirish va mulk daxlsizligini ta’minlash hamda uni himoya qilishning ishonchli, mustahkam tizimini barpo etish asosiy vazifalardan hisoblanadi. Bunday muhim vazifalarni bajarish bevosita zamonaviy fikrlaydigan va mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladigan bilimli yuridik kadrlarga bog‘liq.

Shu maqsadlarda keyingi paytlarda mamlakatimizda yurist kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi muhim qadamlardan hisoblanadi.

Hukumatning ushbu qarori bilan markaz faoliyati takomillashtirildi, yangi vazifalar yuklandi. Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablari va o‘quv dasturlari takomillashtirilmoqda, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari joriy etilmoqda, salohiyatli, yuqori malakali pedagog va amaliyotchilar mashg‘ulotlarga jalb etilgan.

Markazda bugungi kunda adliya vazirligi va uning hududiy organlari xodimlari, notariuslar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari yuridik xizmati xodimlari, davlat xizmatlari markazlari vakillari, advokatlar va boshqa toifadagi kadrlarning malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilgan.

Ochiq muloqotda markazda o‘quv jarayonini takomillashtirish, mashg‘ulotlarni yangicha texnologiyalar va uslublar asosida olib borish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, joylarda huquqiy sohada yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni huquqiy jihatdan yechish bilan bog‘liq mulohazalar o‘rtaga qo‘yildi.

Tinglovchilar tomonidan berilgan ko‘plab savollarga markaz rahbariyati tegishlicha javoblar qaytardi, shuningdek, muloqot ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar kelgusida o‘rganib chiqish uchun qabul qilib olindi.

Malaka oshirish kurslarini tugatayotgan tinglovchilar bilan kelgusida muntazam aloqa o‘rnatish, ularning ish faoliyatida yuzaga keladigan turli savollariga markaz xodimlari tomonidan tezkorlik bilan amaliy yordam ko‘rsatib, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida joylardan kelib tushadigan takliflarni o‘rganish va ko‘rib chiqish uchun vakolatli organlarga kiritib borishga kelishib olindi.

1 610
O‘zA