O‘zA O`zbek

19.07.2019 14:42:15 Chop etish versiyasi

“Yunusobod” metro yoʻlining ikkinchi liniyasida burgʻulash ishlari boshlandi


Rejaga koʻra joriy yil oxirigacha ushbu yoʻnalishda yana ikkita metro bekati foydalanishga topshiriladi

Ayni paytda Toshkentda tezkor, xavfsiz va zamonaviy jamoat transporti sanalmish metro qurilishi boʻyicha uchta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bular – “Sergeli”, “Yunusobod” hamda yer usti xalqa metro yoʻlidir.

Toshkent metropolitenining “Yunusobod” yoʻnalishi ikkinchi bosqichi qurilishining umumiy qiymati – 124,8 mln. AQSH dollariga baholangan boʻlib, barpo etilayotgan yangi yoʻlning umumiy uzunligi 2,93 kilometrdan iborat.

“Toshkent metroproyekt” MCHJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyihaning qurilish ishlari joriy yildayoq toʻliq nihoyasiga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Ushbu yoʻnalishda bekatlar soni ikkitani (“Yunusobod” va “Turkiston”) tashkil qilib, ularning oʻrtacha oraligʻi 1,43 km.dan iborat. Platformalarning uzunligi esa 102 metr boʻlib, unda elektropoyezdlar ikki tomonlama harakatlanadi.

Hozirda “Turkiston” va “Yunusobod” stansiyalari oraligʻidagi tonnelni qurish, “Turkiston” stansiyasidagi qayta chiqish hamda tupiklarni qurish boʻyicha ochiq usuldagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu liniyaning yopiq qismida qurilish ishlarini olib borish uchun Germaniyaning “HERRENKNECHT” kompaniyasidan keltirilgan gorizontal burgʻulash uskunasi yordamida qariyb 1,5 km.dan iborat birinchi liniyani burgʻulash ishlari joriy yilning may oyida boshlangan boʻlib, yaqinda yakuniga yetdi. Mazkur jarayonda jami 938 ta xalqa (tyubing kolso) oʻrnatildi. Taʼkidlash kerak, ushbu texnologiya “Yunusobod” liniyasining “Shahriston” bekati bilan ulanish uchun tayyorlangan maxsus qismga yetib keldi.

Kecha 1,5 km.dan iborat ikkinchi liniyani burgʻulash ishlariga start berildi.

– Tonnelimizning birinchi liniyasini qurish ishlarini may oyida boshlagan edik va qariyb 1,5 km. masofani uch oyda kavlab chiqdik. Ikkinchi liniya esa birinchi liniyaga nisbatan biroz uzun. Bugun ushbu liniyani burgʻulash ishlarini boshlash arafasida turibmiz. Shu bilan birga “Turkiston” metro bekatida qurish va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Qisqa fursatlarda ushbu bekatni zamonaviy, barcha qulayliklarga ega holatda qurib bitkazish arafasida turibmiz. Tunnelni burgʻulash jarayonida esa Germaniyadan keltirilgan texnologiya yordamida bir sutkada 10-12 metrgacha masofani burgʻulash imkoniyatiga egamiz. Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, ikkinchi liniyani qurib bitkazishimiz uchun 4-5 oy vaqt talab etiladi. Germaniyadan keltirilgan ushbu texnologiyaning afzalliklariga kelsak, u toʻla avtomatlashtirilgan tizimlar boʻyicha ishlaydi. Masalan, 3-3,5 tonnadan iborat temir halqa boʻlaklarini vakum apparati, yaʼni havo bosimi yordamida koʻtarib-tushirish imkoniyatiga ega. Bundan koʻrinadiki, inson kuchi yordamida koʻtarish ancha murakkab boʻlgan ogʻirlikdagi beton xalqalarni bu apparat osongina koʻtarib tushira oladi, - dedi biz bilan muloqotda injener-mexanik Shohruh Xudoyqulov.

Hozirda Yunusobod yoʻnalishida ikkinchi bosqich qurilishi davom etmoqda. Bugungi kunda metroning tunnel qurilish-montaj ishlari ochiq va yopiq usulda olib borilayapti. Mazkur yer osti qurilish ishlari “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasining 67-Koʻprikqurilish otryadi jamoasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Obyektda 180 nafardan ortiq malakali muhandis va mutaxassislar qirqqa yaqin zamonaviy maxsus texnika hamda mexanizmlarda kechayu-kunduz ish olib bormoqda.

Loyiha 2019-yil oxiriga qadar toʻliq nihoyasiga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Ushbu bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetkazilgach, “Yunusobod” metro yoʻnalishiga yana ikkita bekat qoʻshiladi. Yangi qurilayotgan “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari sharqona meʼmorchilik anʼanalari asosida barpo etilmoqda. Mazkur bekatlarning ishga tushirilishi esa poytaxt aholisi va mehmonlarining uzogʻini yaqin qiladi.