Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.02.2017 18:33 Chop etish versiyasi

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga YuNESKOning maxsus sertifikati topshirildi

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida “G‘arbiy Tyan-Shan” (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston)ning Transmilliy seriyalar nominatsiyasi bo‘yicha YuNESKOning Butunjahon madaniy va tabiiy meros ro‘yxatiga kiritilganligi, Navro‘z bayrami hamda palov milliy taomining nomoddiy madaniy meros sifatida YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatidan takror joy olgani munosabati bilan sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi tomonidan tashkil etildi. Unda vazirliklar, Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i ma’muriyati, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.Abdusamatov, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi mas’ul kotibi A.Ikromov va boshqalar mamlakatimizning boy moddiy va nomoddiy merosi, uning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2016-yilning 17-iyulida Istanbul shahrida o‘tkazilgan Butunjahon madaniy meros bo‘yicha YuNESKO qo‘mitasining 40-sessiyasi hujjatlariga muvofiq, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududlarini qamrab olgan Tyan-Shan tog‘ tizmasining Markaziy Osiyo qismi “G‘arbiy Tyan-Shan”ning transchegaraviy obyekti sifatida YuNESKOning Butunjahon madaniy va tabiiy meros ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekiston hududini Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘iga kiruvchi Boshqizilsoy va Maydontol qo‘riqxonalarini tashkil etadi. Chotqol tog‘lari O‘zbekistonda butunjahon merosi maqomini olgan ilk tabiiy obyekt hisoblanadi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlarida joylashgan Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i O‘zbekistonning betakror, so‘lim go‘shalaridan biridir. Dengiz sathidan 800-4000 metr balandlikda joylashgan bog‘ 574,6 gektar maydondan iborat.

Milliy bog‘ hududida 1800 dan ziyod o‘simlik turi o‘sadi. Shundan 74 tasi “Qizil kitob”ga kiritilgan. Sakkiz turdagi tog‘ lolasi, Markaziy Osiyo noki, Pskom piyozi, Abolin astragali, Eremurs va boshqalar shular jumlasidandir. Milliy bog‘da 230 dan ortiq hayvon va qush turi mavjud bo‘lib, ularning 38 tasi xalqaro va O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan.

– 2003-yili Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishga doir konvensiya qabul qilingan, – dedi YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat. – Nodir yodgorliklar ro‘yxatiga Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz shaharlari, insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga Navro‘z bayrami, Katta ashula, Shashmaqom, askiya kabi milliy an’analar kiritilgani O‘zbekiston xalqi qatori meni ham xursand qiladi.

Mamlakatimiz yaqin kelajakda Sarmishsoydagi tosh bitiklar, Shohimardon, Zomin, Hisor tog‘lari va Boysun qo‘riqxonasini Butunjahon madaniy va tabiiy meros ro‘yxatiga kiritishni ham rejalashtirgan.

Tadbir davomida “G‘arbiy Tyan-Shan”, “Navro‘z”, “Palov an’anasi” kabi hujjatli filmlar namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga YuNESKOning maxsus sertifikati topshirildi.

Sevara Alijonova, O‘zA
988






Все о погоде - Pogoda.uz