O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

YUNESKOning COVID-19 pandemiyasiga bagʻishlangan onlayn konferensiyasi

YUNESKOning COVID-19 pandemiyasiga bagʻishlangan onlayn konferensiyasi

YUNESKOning Markaziy Osiyodagi byurosi hamda Markaziy Osiy davlatlari vakillari ishtirokida “Markaziy Osiyoda COVID-19 pandemiyasiga javob berish sharoitida ilm-fanning ochiqligi va ilmiy hamkorlikning oʻrni” mavzusida onlayn konferensiya oʻtkazildi.

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari, olimlar, mutaxassislar, YUNESKOning xalqaro ekspertlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston tomonidan innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev qatnashdi.

Konferensiyada ishtirokchi mamlakatlar vakillariga tabiiy fanlar dasturi doirasida YUNESKOning COVID-19 ga qarshi kurash boʻyicha koʻmagi, faoliyati va rejalari toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Mintaqadagi mavjud ilm-fan sohasidagi javob choralari taqdimotlari oʻtkazildi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi chora-tadbirlar va ishlanmalar muhokama qilindi. COVID-19 virusiga qarshi ilm-fan sektorining javobi sifatida tadqiqotlar va ishlanmalar boʻyicha ilgʻor amaliyot va tajriba bilan almashishni qoʻllab-quvvatlash lozimligi taʼkidlandi.

Keyingi bosqichlar doirasida mintaqada inqirozni boshqarishga milliy yondashuvlarni xalqaro hamkorlarni jalb qilgan holda mustahkamlash uchun aloqalarni oʻrganish, shuningdek, qator qoʻshni davlatlar bilan muhokamalar tashkil etiladi.

Anjumanda dastlabki soʻz YUNESKOning Markaziy Osiyodagi klaster byurosi direktori Krista Pikkatga berildi. U oʻz nutqida Markaziy Osiyoda koronavirus pandemiyasining tarqalishi, mintaqadagi vaziyat haqida maʼlumot berdi hamda pandemiyaning oldini olishga qaratilgan choralar boʻyicha toʻxtalib oʻtdi.

Shundan soʻng YUNESKOning Markaziy Osiyodagi klaster byurosi COVID-19 ga qarshi tabiiy fanlar boʻlimi mutaxassisi Natalya Kim, Markaziy Osiyo davlatlari vakillari soʻzga chiqdi.

Mamlakatimiz nomidan Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazir oʻrinbosari Olimjon Toʻychiyev nutq va taqdimoti bilan oʻrtoqlashdi. U Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻzladi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan infeksiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishga qaratilgan ilmiy loyihalar tanlovi, amaliy ishlar, jumladan, “Birga Yengamiz” mobil ilovasi yaratilgani va koronavirus boʻyicha bilimni tekshiruvchi onlayn test sinovlari “e-sertifikat” platformasi ishga tushirilgani haqida maʼlumot berildi. Shundan soʻng qoʻshni davlatlar vakillari va mutaxassislari ham oʻz tajribalari bilan boʻlishdi.

Onlayn konferensiyadan kutilayotgan asosiy natijalar bu malaka va ilgʻor tajriba almashinuvi, shuningdek, mintaqa davlatlarining koronavirus pandemiyasi va kelajakda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan global tahdidlarga javoban hamkorlikda ishlash, Markaziy Osiyo mintaqasida ilmiy texnik axborot sohasidagi tadqiqotlar, hamkorlik va ilm-fan ochiqligini taʼminlash zaruratini chuqurroq anglagan holda birgalikda siyosat yuritishdir.

1 843
OʻzA